Jarayon kecha yakunlanganiga qaramay, bugun ham yozgi ‘‘perevod’’ uchun arizalar qabul qilinmoqda. Transfer platformasida nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish uchun 2 majburiy sababni inkor etuvchi yangi sabab turi paydo bo‘ldi.
Xabaringiz bor, kecha 5-avgust kuni o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabul qilishning so‘nggi kuni edi. 2026/2027-oʻquv yili uchun talabalarning oʻqishini davlat oliy taʼlim tashkilotlariga koʻchirish boʻyicha onlayn arizalar 15-iyuldan 5-avgustga (shu kuni ham) qadar qabul qilindi.
Biroq, bugun 6-avgust 11;45 holatiga ko‘ra transfer.edu.uz sayti orqali ariza topshirish imkoniyati ochiq holatda turgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, saytda yana bir muhim o‘zgarish kuzatildi.
Kecha Talimxabarlari.uz nodavlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi transfer uchun faqat ikki uzrli sabab mavjudligi haqida xabar bergan edi.
Bugun platforma (sayt) yana tekshirib ko‘rilganda, uzrli sabablar ro‘yxatiga ‘‘Boshqa sababga ko‘ra’’ nomli yangi sabab turi qo‘shilgani ma’lum bo‘ldi. Talimxabarlari.uz yangi imkoniyatni amalda tekshirib ko‘rish uchun ‘‘Boshqa sababga ko‘ra’’ varianti orqali ham ariza muvaffaqiyatli yuborildi.
Vazirlikning rasmiy sahifalarida arizalar qabuli qachongacha davom etishi va yangi sabab turi haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan. Shu sababli, jarayon qachongacha davom etishi savol bo‘lib qolmoqda.


