Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar ayni kunlarda o’zlari uchun oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo’nalishi hamda ta’lim shaklini tanlamoqda. Shu o’rinda ko’pchilik e’tibor bermaydigan muhim jihat bor — ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladigan talabalarga ajratiladi.
Abituriyentlar 2026-yil 8-avgustga qadar (shu kuni ham) my.uzbmb.uz platformasi orqali beshtagacha oliy ta’lim yo’nalishini, ta’lim shaklini hamda tanlov ustuvorligini belgilashi mumkin.
Prezidentning 2024-yil 27-maydagi PF–82-son Farmoniga muvofiq, 2024/2025-o’quv yilidan boshlab Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg’armasi mablag’lari hisobidan ta’lim kreditlari faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun ajratiladi.
Shu sababli ta’lim kreditidan foydalanishni rejalashtirayotgan abituriyentlar ta’lim shaklini tanlashda ushbu talabni ham inobatga olishlari muhim.
Bu qoida xotin-qizlar uchun ajratiladigan 0 foizlik (foizsiz) imtiyozli ta’lim kreditiga ham tatbiq etiladi. Ya’ni kechki yoki masofaviy ta’lim shaklini tanlagan talabalar mazkur kreditdan foydalana olmaydi.
Shuningdek, ta’lim krediti:
- super-kontrakt asosida tahsil olayotganlarga;
- xorijdagi oliy ta’lim muassasalari talabalariga;
- HEMIS tizimiga ulanmagan ayrim nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga ham ajratilmaydi.
Birinchi bosqich talabalari uchun ta’lim krediti bir yillik kontrakt summasigacha beriladi. Ikkinchi va undan yuqori kurslarda esa kredit miqdori talabaning o’zlashtirish ko’rsatkichiga qarab belgilanadi.
Ta’lim krediti olish uchun arizani bankka bevosita murojaat qilish yoki my.gov.uz portali orqali onlayn yuborish mumkin. Ariza bank tomonidan 5 ish kuni ichida ko’rib chiqiladi.
Ta’lim krediti olish uchun quyidagi banklardan biriga murojaat qilish lozim bo‘ladi:
– O‘zSQB;
– Asakabank;
– MKBank;
– Aloqabank;
– BRB;
– Turonbank;
– OFB.
Agar kontrakt to’lovini ta’lim krediti hisobidan amalga oshirishni rejalashtirayotgan bo’lsangiz, ta’lim shaklini tanlashdan oldin ushbu talablarni inobatga olishingiz tavsiya etiladi.
Avvalroq, ta’lim kreditini my.gov.uz orqali qanday olish mumkinligi haqida xabar bergan edik.
