O‘qishga kirolmagan yoki yo‘nalish tanlamagan abituriyentlar vakant o‘rinlar uchun tanlovda ishtirok etadi

O‘qishga kirolmagan yoki yo‘nalish tanlamagan abituriyentlar vakant o‘rinlar uchun tanlovda ishtirok etadi

Qonunchilikka muvofiq, kirish imtihonlarida minimal ball to‘plab, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar vakant o‘rinlar uchun tanlovda ishtirok etadi. Abituriyentlar vakant yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tgan yilgi o‘tish ballari bilan @mandat_javobbot Telegram boti orqali tanishishlari mumkin.

 

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi 32-sonli “Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 578-sonli qarorga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilgan.

 

Unga koʻra, kirish imtihonlarida ishtirok etib, minimal ball toʻplagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga vakant (boʻsh) oʻrinlar qolgan yoʻnalishlarda tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.

 

Bu jarayon quyidagicha amalga oshiriladi

 

– imtihon natijalari eʼlon qilingandan soʻng bir hafta oʻtib, fanlar majmuasi va taʼlim tili mos boʻlgan vakant yoʻnalishlarga bir hafta muddatda roʻyxatdan oʻtiladi;

 

– abituriyentlar toʻplagan ballari ketma-ketligiga (reytingga) qatʼiy rioya qilingan holda boʻsh oʻrinlarga bazaviy toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi;

 

– agentlik tomonidan shakllantirilgan qaydnomalar oliy taʼlim tashkilotlariga buyruq rasmiylashtirish uchun asos boʻladi.

 

Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, o‘tgan o‘quv yili uchun ham bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida vakant qolgan o‘rinlarga qo‘shimcha qabul amalga oshirilgan edi.

 

Unga ko‘ra, 2025-yilgi qabulda kirish imtihonlarida 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, shuningdek, ikkinchi bosqichda OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlamagan abituriyentlarga davlat OTMlarida qolgan vakant bakalavriat yo‘nalishlari uchun qo‘shimcha tanlovda ishtirok etish imkoniyati yaratilgan edi. Buning uchun ular 25-sentyabrdan 3-oktyabrgacha my.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Tanlovda abituriyentlar fanlar majmuasi mos bo‘lgan yo‘nalishlarni tanlagan hamda ular to‘plagan ballar reytingi asosida vakant o‘rinlarga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan. Tanlov yakunlari bo‘yicha qaydnomalar 8-oktyabrga qadar oliy ta’lim muassasalariga qabulni rasmiylashtirish uchun yuborilgan edi.

 

Abituriyentlar vakant o‘rinlar bo‘yicha o‘tgan yilgi o‘tish ballari bilan @mandat_javobbot Telegram boti orqali tanishishlari mumkin.

 

Shuningdek, bot orqali nafaqat vakant o‘rinlarga oid ma’lumotlar, balki quyidagi qulay xizmatlardan ham foydalanish imkoniyati yaratilgan:

 

– 2025-yildagi vakant o‘rinlar bo‘yicha o‘tish ballari;

 

– OTMlar kesimidagi o‘tish ballari;

 

– Imtiyozga ega abituriyentlar uchun o‘tish ballari;

 

– To‘plangan ballga mos yo‘nalishlarni aniqlash;

 

– SAT-2026 bo‘yicha ma’lumotlar;

 

– IQ-test va boshqa foydali xizmatlar.