Yangi o‘quv yilidan yuqori sinf o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflardan dars soati ololmaydi

Yangi o‘quv yilidan yuqori sinf o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflardan dars soati ololmaydi

2026-yil 1-avgustdan boshlab umumta’lim maktablarida boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlari o‘qituvchilarning mutaxassisligi va metodik tayyorgarligidan kelib chiqib taqsimlanadi. Yangi tartibga ko‘ra, ayrim yuqori sinf o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflardan dars soati ololmaydi.

 

2026-yil 1-avgustdan umumta’lim maktablarida boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashning yangi tartibi kuchga kiradi.

 

Avvalroq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi  nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qo‘shma qarori imzolangani haqida xabar bergan edik.

 

Unga ko‘ra, boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchining boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassisligiga egaligi yoki tegishli fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olganligi inobatga olinadi.

 

Shu sababli, boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega bo‘lmagan hamda tegishli fanlarni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tmagan yuqori sinf o‘qituvchilariga boshlang‘ich sinflardagi dars soatlari ajratilmaydi.

 

Mazkur tartib 2026-yil 1-avgustdan boshlab amaliyotga joriy etilishi belgilangan.