OTMlarda yakuniy nazorat imtihonlari endilikda jonli efirda namoyish etilishi mumkin. Muhokamaga qoʻyilgan qaror loyihasida imtihonlarni onlayn kuzatish, videoyozuvlarni uch yil saqlash hamda baholash tizimini takomillashtirish nazarda tutilgan.
Muhokamalar portaliga “Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalar bilimini baholash va nazorat qilish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga koʻra, 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab yakuniy nazorat imtihonlari ovoz va video kuzatuv kameralari bilan jihozlangan auditoriyalarda oʻtkaziladi. Imtihon jarayonlari oliy taʼlim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladigan maxsus havola orqali keng jamoatchilik uchun jonli efirda namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, yakuniy nazorat imtihonlari, ularga ilova qilingan hujjatlar va baholash jarayoniga oid videoyozuvlar kamida uch yil davomida saqlanishi belgilanmoqda. Loyihaga muvofiq, videoyozuvlar “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiq saqlanadi, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish ham qonunchilik asosida amalga oshiriladi. Videoyozuvlardan foydalanish huquqi esa faqat oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) buyrugʻi bilan vakolat berilgan shaxslarga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, qaror loyihasida yakuniy nazorat imtihonlarini real vaqt rejimida kuzatish hamda kompyuterda topshiriladigan imtihonlarni tashkil etish imkonini beruvchi maxsus platformani ishlab chiqish va uni oliy taʼlim muassasalari axborot tizimlariga integratsiya qilish ham nazarda tutilgan.
Loyihada yakuniy nazoratlarni tashkil etish tartibi ham takomillashtirilmoqda. Xususan, imtihonlarni asosan yozma shaklda oʻtkazish, test sinovlarini esa faqat ayrim fanlar uchun qoʻllash, yozma javoblarni 2 ming soʻzgacha etib belgilash hamda yakuniy nazorat ishlarini talabaga dars bermagan professor-oʻqituvchilar tomonidan baholab, har bir javob yuzasidan kamida 2–3 ta izoh (feedback) yozish taklif etilgan.
