Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatidagi ta’lim muassasalari rahbarlari mehnat ta’tilidan roziligisiz ishga chaqirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat MMTB rasmiy munosabat bildirib, ta’tildagi direktorlarni majburiy ravishda ishga jalb etish bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmaganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i tomonidan mehnat qonunchiligi talablari buzilgani, xususan, mehnat ta’tilida bo‘lgan ta’lim muassasalari rahbarlari ularning roziligisiz ishga chaqirilganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan MMTB tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.
Boshqarma ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq, xodimni mehnat ta’tilidan uning roziligisiz chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qayt etilishicha, ayni paytda viloyatdagi maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini 2026–2027-o‘quv yiliga puxta tayyorlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida ta’lim muassasalari rahbarlari uchun onlayn vebinar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur onlayn vebinarda mehnat ta’tilida bo‘lmagan ta’lim muassasalari direktorlari hamda mehnat ta’tilida bo‘lgan direktorlar o‘rniga belgilangan tartibda buyruq asosida direktor vazifasini vaqtincha bajarish yuklatilgan mas’ul xodimlarning ishtiroki nazarda tutilgan.
«Shu bois, mehnat ta’tilida bo‘lgan direktorlarni ularning roziligisiz ishga chaqirish yoki ularni vebinarda majburiy ishtirok ettirish bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmagan» — deyiladi xabarda.
Shuningdek, boshqarma o‘z faoliyatida mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy amal qilinishini bildirib, jamoatchilikni faqat ishonchli va rasmiy manbalarga tayanishga chaqirgan.
Avvalroq, Mehnat inspeksiyasi mehnat ta’tilidagi pedagoglarni roziligisiz ishga jalb qilish mumkin emasligi haqida xabar bergan edi.
