Navoiyda yana bogʻcha tarbiyalanuvchilari meʼyordan ortiq tashildi: bu safar 17 nafar

Navoiyda yana bogʻcha tarbiyalanuvchilari meʼyordan ortiq tashildi: bu safar 17 nafar

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida Damas rusumli avtomobilda 17 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchisi olib ketilayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan maʼmuriy chora koʻrildi.

 

Maʼlum qilinishicha, holat 21-iyul kuni Qiziltepa tumanidagi Vangʻozi mahalla fuqarolar yigʻini hududida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari tomonidan aniqlangan.

 

Avtomabilning old oʻrindiqda uch nafar bola oʻtirgan Damas rusumli avtomobil toʻxtatilib tekshirilgan. Natijada avtomobilda haydovchidan tashqari 17 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchisi hamda bir nafar bogʻcha xodimasi borligi maʼlum boʻlgan.

 

Haydovchi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining qonuniy talabiga boʻysunmasdan, ular bilan bahslashgan hamda voqea joyidan ketishga uringan.

 

Mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy chora koʻrilgan.

 

Eslatib oʻtamiz, avval ham Navoiy viloyatida bogʻcha tarbiyalanuvchilarini Damas avtomobillarida meʼyordan ortiq tashish bilan bogʻliq bir necha holatlar haqida xabar bergan edi.

 

Ulardan birida 7 oʻrinli Damas avtomobilida 20 nafar, yana bir holatda esa mast haydovchi 23 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgani aniqlangan.