Navoiyda haydovchi “Damas”da 20 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchilarini olib ketayotgani aniqlandi

Navoiyda haydovchi “Damas”da 20 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchilarini olib ketayotgani aniqlandi

 Navoiy viloyatida xususiy bogʻcha tarbiyalanuvchilarini tashish bilan bogʻliq qator qoidabuzarliklar aniqlandi. Tekshiruvlarning birida 7 oʻrinli “Damas” avtomobilida 20 nafar bola olib ketilayotgani maʼlum boʻlgan.

 

“Xavfsiz va sogʻlom yurt” profilaktik tadbirlari doirasida Navoiy viloyatida oʻtkazilgan reydlar davomida xususiy bogʻcha tarbiyalanuvchilarini belgilangan meʼyordan ortiq tashish holatlari aniqlandi. Bu haqda “Ovoza” dasturida maʼlum qilindi.

 

Qayd etilishicha, yil boshidan buyon bogʻcha tarbiyalanuvchilarini tashish bilan bogʻliq 34 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Eng koʻp holatlar Nurota, Navbahor va Xatirchi tumanlari hissasiga toʻgʻri kelgan.

 

Jumladan, Xatirchi tumanida xususiy bogʻchaga tegishli 7 oʻrinli “Damas” rusumli avtomobil toʻxtatilib tekshirilganda, unda 20 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchisi olib ketilayotgani aniqlangan.

 

“Oʻzimga tegishli 7 oʻrinli “Damas” avtomobilida 20 nafar bogʻcha bolasini tashiyotganimda qoʻlga tushdim. Qilgan ishimdan afsusdaman. Endi bunday holat takrorlanmaydi, xatoyimni tushundim”, — deydi haydovchi.

 

Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar koʻrildi. Shuningdek, unga bolalarni belgilangan meʼyordan ortiq tashish qanday ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

 

Avvalroq, Gulistonda “Damas” avtomobilida 30 ga yaqin bog‘cha bolasi tashilgani haqida xabar bergan edik.