Qashqadaryoda 63 yoshli ayol oliy taʼlimni tamomlab, bakalavr diplomini oldi

Qashqadaryoda 63 yoshli ayol oliy taʼlimni tamomlab, bakalavr diplomini oldi

Qashqadaryo viloyatida yashovchi 63 yoshli Gulsum Xurramova Qarshi davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, bakalavr diplomini oldi. U oliy taʼlim muassasasiga 58 yoshida oʻqishga qabul qilingan edi.

 

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida yashovchi Gulsum Xurramova Qarshi davlat universiteti Tarix fakultetining “Ijtimoiy ish” taʼlim yoʻnalishini tamomladi.

 

“Millar” reportajida maʼlum qilinishicha, u 2020-yilda, 58 yoshida oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan va besh yil davomida tahsil olib, bakalavr diplomini qoʻlga kiritgan.

 

Gulsum Xurramovaning aytishicha, oliy maʼlumot olish uning uzoq yillik maqsadlaridan biri boʻlgan. Mahalla tizimida oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xodimlar uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, universitetga hujjat topshirgan.

 

Hozirda u Nishon tumanidagi Abdulla Qodiriy mahallasida ijtimoiy xodim sifatida faoliyat yuritadi. Avvalroq esa Abdulla Qodiriy va Nuriston shaharchasidagi Kimyogar mahallalarida mahalla raisi lavozimida ishlagan.

 

Gulsum Xurramovaning taʼkidlashicha, talabalik davridagi esda qolarli voqealardan biri nevarasi bilan bir vaqtda oliy taʼlim muassasasiga talabalikka qabul qilingani boʻlgan.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Buxoro davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan 58 yoshli xorazmlik Erkin Madrahimov haqida ham xabar berilgan edi.

 

Toʻrt nafar nabiraning bobosi boʻlgan Erkin Madrahimov xalq tabobati yoʻnalishida tahsil olmoqda. U tibbiyot sohasiga qiziqishi otasining insult kasalligiga chalinganidan soʻng paydo boʻlganini, farzandlari esa yana talaba boʻlish qarorini qoʻllab-quvvatlaganini aytgan.