O‘qishni ko‘chirishda qaysi milliy va xalqaro sertifikatlar uchun tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball beriladi?

O‘qishni ko‘chirishda qaysi milliy va xalqaro sertifikatlar uchun tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball beriladi?

O‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish istagidagi talabgorlar uchun sertifikatlar asosida imtiyozlar qo‘llaniladi. Bunda milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lganlar tegishli fanlardan tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball olish imkoniyatiga ega.

 

Xabar berganimizdek, bugundan davlat oliy ta’lim tashkilotlariga oʻqishni koʻchirish va tiklash boʻyicha arizalar qabuli boshlandi.

 

Oliy ta’lim , fan va innovatsiyalar vazirligi xabariga ko‘ra, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishini ko‘chirishda quyidagi sertifikatlarga ega talabgorlarga tegishli fanlardan tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball beriladi:

 

– umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy sertifikatlar;

 

– chet tili bo‘yicha milliy sertifikatlar.

 

Xalqaro sertifikatlar:

 

-“A Level” (kimyo, matematika, biologiya, fizika fanlari) — “B” va undan yuqori daraja.

 

Chet tili sertifikatlari (B2 va undan yuqori daraja):

 

ingliz tili — IELTS (5.5+), TOEFL iBT (72+), Cambridge Exams, Linguaskill, iTEP;

 

– nemis tili — TestDAF, DSD, Goethe-Zertifikat;

 

– fransuz tili — DELF/DALF, Test de Connaissance du Français (TCF);

 

– ispan tili — DELE, SIELE;

 

– turk tili — TYS;

 

– koreys tili — TOPIK II;

 

– arab tili — AT Tanal Al Arabi;

 

– xitoy tili — HSK.

 

Bunda milliy sertifikatlar axborot tizimi orqali avtomatik aniqlanadi. Xalqaro sertifikatlar esa ariza topshirish jarayonida elektron shaklda yuklanadi.

 

Adliya vazirligidan ro‘yxatidan o‘tkazilgan Xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi sertifikatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi idoraviy hujjatga muvofiq xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishini ko‘chirishda chet tili fanlaridan B1 darajadagi sertifikatlarga ega talabgorlarga bakalavriatning fanlar majmuasidagi fanlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball beriladi.

Sertifikat darajasiga ko‘ra ball taqsimoti:

 

– B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat uchun — tegishli fan bo‘yicha belgilangan maksimal ballning 75 foizi beriladi;

 

– B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat uchun — tegishli fan bo‘yicha maksimal ball beriladi.