Namangan viloyatida oilaviy xususiy bog‘cha rahbaridan 600 AQSH dollari pora talab qilgan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari hamda xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Biznes-ombudsmanning Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ishonch telefoniga murojaat qilgan. Unda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi kamchiliklarga ko‘z yumish evaziga pul talab qilayotganligi ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, tadbirkorning mazkur murojaatiga asosan Biznes-ombudsman devonining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat shu’basi va IIV xodimlari hamkorligida holat o‘rganilgan.
Tezkor tadbir davomida tuman MMTB mas’ul xodimi arizachidan kimyoviy ishlov berilgan 600 AQSH dollarini olib, uning bir qismini o‘zida qoldirib, qolgan qismini boshqa xodimga bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda Yangiqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i hamda ushbu bo‘lim xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 2-qismi “v” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Namanganda maktab direktorligi lavozimi uchun 10 ming dollar talab qilgan MMTB bo‘limi boshlig‘i ushlangani haqida xabar berilgandi.
