Namangan viloyatida maktab direktorligi lavozimiga ishga joylashtirish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i qo‘lga olindi. Holat yuzasidan tegishli moddalar asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining yuridik xizmat koʻrsatish shoʻbasi boshligʻi K.A. fuqaro D.A.ni Namangan shahridagi maktablardan biriga direktor lavozimiga ishga joylashtirib berishni va’da qilgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, u ushbu xizmat evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan va kelishilgan pul mablag‘ining 8,5 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda mazkur ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Qoraqalpog‘istonda maktab direktori o‘qituvchini o‘ziga o‘rinbosar qilish evaziga pora olganligi haqida xabar bergan edik.
