Ko‘pchilik ota-onalar bilmaydigan muhim imtiyoz mavjud — xususiy maktab yoki bog‘cha uchun to‘langan mablag‘ning bir qismini davlat qaytarib beradi. Buning uchun qonunchilikda belgilangan tartibda daromad solig‘i imtiyozidan foydalanish lozim.
Farzandini xususiy maktab yoki bog‘chaga berayotgan ota-onalar to‘lovning bir qismini davlatdan qaytarib olishlari mumkin. Bu imkoniyat O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 378-moddasida belgilangan bo‘lib, daromad solig‘i bo‘yicha beriladigan imtiyoz orqali amalga oshiriladi.
Mazkur tartibga ko‘ra, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti (xususiy bog‘cha) yoki xususiy maktab uchun har bir farzandga oyiga 3 million so‘mgacha to‘langan mablag‘ daromad solig‘i bazasidan chegirib tashlanadi. Natijada ota-onaning ish haqidan ushlab qolinadigan 12 foizlik daromad solig‘i kamayadi va to‘lovning bir qismi oila byudjetida qoladi.
Masalan, ota-ona oyiga 5 million so‘m maosh olsa va farzandi uchun xususiy maktab yoki bog‘chaga 3 million so‘m to‘lasa, daromad solig‘i butun maoshdan emas, balki qolgan 2 million so‘mdan hisoblanadi. Buning natijasida oyiga 360 ming so‘m, bir yil davomida esa 4 million 320 ming so‘mgacha mablag‘ni tejash mumkin.
Shuningdek, ushbu imtiyoz 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi mavjud farzandlar kunduzgi parvarish markazlariga qatnaganda amalga oshiriladigan to‘lovlarga ham tatbiq etiladi. Bunda ham har bir farzand uchun oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lov daromad solig‘idan ozod etiladi.
Imtiyozdan foydalanish uchun xususiy ta’lim muassasasi bilan tuzilgan shartnoma, to‘lovni tasdiqlovchi hujjatlar hamda farzandning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi ish beruvchining buxgalteriyasiga taqdim etiladi. Agar yil davomida ushbu imkoniyatdan foydalanilmagan bo‘lsa, ortiqcha to‘langan daromad solig‘ini yil yakunida soliq organlari yoki elektron soliq xizmatlari orqali deklaratsiya topshirish yo‘li bilan qaytarib olish mumkin.
Avvalroq, xususiy bogʻchalar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi boʻyicha yengilliklar berilishi haqida xabar bergan edik.
