2026/2027-o‘quv yili magistratura qabuli uchun SAT sertifikatlarini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuborishda foydalaniladigan DI kodi ma’lum qilindi. Imtiyozdan foydalanish uchun SAT sertifikati College Board platformasi orqali 30054 DI kodi yordamida vazirlikka elektron tarzda yuborilishi lozim.
Avval xabar berganimizdek, Hukumatning 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qaroriga muvofiq, College Board tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan SAT xalqaro imtihonida maksimal ballning kamida 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natijani qayd etgan hamda tamomlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirayotgan talabgorlar qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur imtiyozdan foydalanish uchun SAT sertifikatlarini yuborishda qo‘llaniladigan DI kodini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, College Board platformasi orqali SAT sertifikatlari vazirlikka 30054 DI kodi orqali elektron tarzda yuborilishi kerak.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, SAT natijalari quyidagi muddatlarda yetkaziladi:
- Standart (Score Report) xizmati orqali — buyurtma rasmiylashtirilgan kundan boshlab odatda 10 ish kuni ichida;
- Tezkor (Rush) xizmati orqali — dam olish va bayram kunlari hisobga olinmagan holda 4 ish kuni ichida.
Qayd etilishicha, qabul jarayonida faqat 30054 DI kodi orqali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuborilgan SAT sertifikatlari haqiqiy hisoblanadi. Sertifikatning PDF nusxasi, skrinshoti yoki qo‘lda yuklangan varianti qabul jarayonida inobatga olinmaydi.
Ma’lumot uchun, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hujjatlar 30-iyulga qadar my.edu.uz platformasi orqali qabul qilinmoqda.
