Oliygohlarda bir professor-o‘qituvchiga nechta talaba to‘g‘ri keladi? — hisobot

Oliygohlarda bir professor-o‘qituvchiga nechta talaba to‘g‘ri keladi? — hisobot

Oliy ta’lim tashkilotlarida bir professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni bo‘yicha milliy reyting hisoboti e’lon qilindi. Hisobotda OTMlar, ta’lim yo‘nalishlari va hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlar tahlil qilingan.

 

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingining professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi hisoboti shakllantirildi.



Natijalarga ko‘ra, davlat oliygohlarida bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 19,1 nafar talaba to‘g‘ri kelsa, xorijiy oliygohlar filiallarida bu ko‘rsatkich 32,9 nafarni, nodavlat oliygohlarda esa 55,3 nafarni tashkil etadi.

 

Oliygohlar toifalari kesimida eng yaxshi nisbat ijod (sport) fanlari oliygohlarida qayd etilgan bo‘lib, ularda bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 8,4 nafar talaba to‘g‘ri keladi. Tibbiyot fanlari oliygohlarida ushbu ko‘rsatkich 13,6 nafarni, amaliy fanlar oliygohlarida 26,8 nafarni, ijtimoiy-gumanitar fanlari oliygohlarida esa 44,3 nafarni tashkil etadi.

 

Ayrim oliygohlarda professor-o‘qituvchi va talabalar nisbati keskin yuqori ko‘rsatkichni, ba’zi hollarda 200 nafardan ham ortiqni tashkil etgan:

 

– IT Park universiteti – 244 nafar;

 

– Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universiteti – 236,6 nafar;

 

-Singapur menejmentni rivojlantirish instituti – 140,1 nafar;

 

– “Millat umidi” universiteti – 127,3 nafar talabani tashkil etadi.

 

Nisbatning yuqori bo‘lishi talabalar bilan individual ishlash, amaliy mashg‘ulotlar va ilmiy faoliyat imkoniyatlarini cheklaydi.

 

Hududiy tahlillar professor-o‘qituvchilar bilan ta‘minlanganlik ko‘rsatkichlarida sezilarli  tafovutlar mavjudligini ko‘rsatgan. Bunda eng yuqori ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda bir nafar professor-o‘qituvchiga 50,4 nafar talaba to‘g‘ri keladi. 

 

Oliygohlarda bir professor-o‘qituvchiga nechta talaba to‘g‘ri keladi? — hisobot

Shuningdek, Toshkent viloyatida mazkur ko‘rsatkich 42,9 nafarni, Buxoro viloyatida 39,6 nafarni va Toshkent shahrida 37,7 nafarni tashkil etadi.

 

Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilib, bir nafar professor o‘qituvchiga 17,3 nafar talaba to‘g‘ri keladi. Samarqand viloyatida ushbu ko‘rsatkich 20,4 nafarni, Jizzax viloyatida esa 20,8 nafarni tashkil etadi. 

 

Ko‘rsatkichning eng yuqori va eng past qiymatlari o‘rtasidagi farq 33,1 nafar talabani tashkil  etib, bu mamlakat hududlari kesimida oliy taʼlim tizimining professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan taʼminlanganlik darajasida sezilarli nomutanosibliklar mavjudligini ko‘rsatadi.

 

Mazkur indikator ko‘rsatkichlari va ular bo‘yicha batafsil tahlil bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

 

Maʼlumot uchun bugungi kunda mamlakat oliygohlarida 1,6 milliondan ortiq talabaga 61 mingdan ziyod professor-o‘qituvchi dars bermoqda.