4-sinfda CEFR B2: 10 yoshli o‘quvchini B2 darajasiga olib chiqqan pedagog ona tajribasi bilan o‘rtoqlashdi

4-sinfda CEFR B2: 10 yoshli o‘quvchini B2 darajasiga olib chiqqan pedagog ona tajribasi bilan o‘rtoqlashdi

Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 13-sonli umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi, 10 yoshli Amirshoh Muminov ingliz tilidan CEFR B2 darajasidagi sertifikatni qo‘lga kiritdi. U imtihonda listening 66, reading 56, writing 48, speaking’dan 51 ball to‘plab, umumiy 55 ball bilan muvaffaqiyatli natija qayd etdi.

 

Amirshohning muvaffaqiyati ortida esa nafaqat uning mehnati, balki ota-onasi va ustozining izchil yondashuvi ham turibdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchini sertifikatga tayyorlagan ustozi Oygul Isamova shuningdek, uning onasi ham bo‘lib, farzandi bilan ishlashni birinchi sinfdanoq boshlaganini aytadi.

 

Bu mening ham o‘g‘lim, ham o‘quvchim. Birinchi sinfdanoq uyda muntazam shug‘ullanishni boshlaganmiz. Maktabdagi ustozlari bergan bilimlarni uyda mustahkamlab, birgalikda takrorlab bordik.

 

Uning ta’kidlashicha, kichik yoshdagi bolani til o‘rganishga majburlash emas, aksincha, qiziqtirish muhim hisoblanadi. Shu sababli mashg‘ulotlar bolaning qiziqishiga mos ravishda tashkil etilgan.

 

Albatta bu oson emas. Erinchoqlik qilmasdan, bolani zeriktirmasdan o‘rgatish muhim. Uyda bo‘lgan paytlari o‘zi o‘rganishga ishtiyoqi paydo bo‘lganidan keyin multilevel topshiriqlarini tushuntirar edim. Bolalarni B2 darajasiga yetkazish uchun unga bosim o‘tkazmay, xohishiga qarab topshiriqlarni yaxshilab tushuntirib bajartirish muhim.

 

Pedagogning aytishicha, mashg‘ulotlarda darsliklar bilan bir qatorda YouTube’dagi yoshiga mos ilmiy va ta’limiy videolar, audiolar hamda inglizcha qo‘shiqlardan keng foydalangan. Har bir videodan so‘ng Amirshoh nimalarni tushunganini ingliz tilida qayta hikoya qilib bergan. Aynan shu usul uning tinglab tushunish ko‘nikmasini sezilarli darajada rivojlantirgan.

 

Eng ko‘p listening ustida ishladik. Shuning uchun ham eng yuqori natijani aynan tinglab tushunish bo‘yicha oldi.

 

Uning fikricha, ta’lim jarayonida jazolash emas, bolaning ichki qiziqishini uyg‘otish ustuvor bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, oiladagi qo‘llab-quvvatlash ham katta ahamiyatga ega.

 

Men ichki motivatsiyani shakllantirishga harakat qildim, dadasi esa har bir yutug‘ini e’tirof etib, sovg‘alar bilan rag‘batlantirib bordi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi uchun bunday e’tibor juda muhim.

 

O‘z o‘quvchisi ham farzandini B2 sertifikat olishiga sababchi bo‘lgan Oygul Isamova boshqa ota-onalarga ayrim tavsiyalari bilan bo‘lishdi:

 

Farzandning ta’limini faqat o‘qituvchi zimmasiga yuklab qo‘ymaslik kerak. Bola bilan har kuni suhbatlashish, uy vazifalarini nazorat qilish, ustoz bilan muntazam aloqada bo‘lish va zarur sharoitlarni yaratish muvaffaqiyatning ajralmas qismidir.

 

Bugungi kunda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ham B2 darajasidagi natijalarga erishayotgani O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor samarasi ekanini ta’kidlagan o‘qituvchi, bu natijalar testlarning yengillashgani emas, balki o‘quvchilar, ota-onalar va o‘qituvchilarning saviyasi oshgani bilan bog‘liq, deb hisoblaydi.

 

Bunday natijaga erishish uchun bola, ota-ona va o‘qituvchi birdek harakat qilishi kerak. Muvaffaqiyatning haqiqiy siri aynan mana shu hamkorlikda, — deydi u.

 

Amirshohni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 1-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Raximboyev Hislatbek ingliz tilidan B2 darajali sertifikatni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Mazkur o‘quvchini sertifikatga tayyorlantirgan ustozi Sayxod Mansurov bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish