Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 1-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Raximboyev Hislatbek ingliz tilidan B2 darajali sertifikatni qo‘lga kiritdi. Yosh o‘quvchining bu natijasi ko‘pchilikda bir savolni uyg‘otadi: boshlang‘ich sinf o‘quvchisi qanday qilib B2 darajasiga erisha oldi?
Shu kabi ma’lumot olish maqsadida Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchini sertifikatga tayyorlantirgan ustozi Sayxod Mansurov bilan suhbatlashdi. U nafaqat maktabda ingliz tili o‘qituvchisi balki o‘quv markazi rahbari hamdir.
Hislatbekning ustozi bu muvaffaqiyat ortida bir necha yillik mehnat, to‘g‘ri metodika va ota-onaning qo‘llab-quvvatlashi yotganini ta’kidlaydi.
1-sinfdan boshlangan yo‘l
Pedagogning aytishicha, Hislatbek bilan ishlash u 1-sinfni tamomlaganidan keyin boshlangan.
Rahimboyev Hislatbek bilan 1-sinfni bitirib kelganidan buyon ishlayapman. Dastlabki kunlardanoq u o‘zining bilimga chanqoqligi, teran fikrlashi va o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi bilan ajralib turardi. Aynan shu fazilatlari uning keyingi yutuqlariga mustahkam poydevor bo‘ldi. Ayniqsa, tinglab tushunish (Listening) ko‘nikmasi juda yaxshi rivojlangan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda eng yuqori natijalardan birini qo‘lga kiritdi, — deydi Sayxod Mansurov.
O‘quvchi dastlab ingliz tilini boshlang‘ich guruhda o‘rganishni boshlagan. Eng oddiy harflar va so‘zlardan boshlangan mashg‘ulotlar izchil mehnat va muntazam darslar orqali yuqori natijaga olib kelgan.
Tinglab tushunish eng kuchli tomoni bo‘ldi
Ustozning ta’kidlashicha, o‘quvchi tinglab tushunish, o‘qish va grammatika bo‘yicha doimo yuqori natijalarni qayd etgan. Nisbatan ko‘proq e’tibor talab qilgan yo‘nalish esa yozish ko‘nikmasi bo‘lgan.
Hislatbekning kuchli tomonlari juda ko‘p. U yangi bilimlarni tez o‘zlashtiradi va o‘rganganlarini amalda qo‘llay oladi. Nisbatan ko‘proq ishlashga to‘g‘ri kelgan ko‘nikma esa yozish (Writing) bo‘ldi. Chunki yozma ishda ma’lum bir mavzu yuzasidan g‘oya topish, fikrlarni tartibli va mantiqiy bayon qilish ko‘proq mashq va izlanishni talab qiladi. Shu sababli aynan ushbu ko‘nikma ustida ko‘proq ishladik, — deydi ustoz.
Zamonaviy metodlar va amaliy mashg‘ulotlar
Suhbat davomida o‘qituvchidan dars jarayoni haqida ma’lumot oldik. U mashg‘ulotlar davomida an’anaviy hamda zamonaviy ta’lim metodlari uyg‘unlashtirilganini ta’kidladi.
Ya’ni, interaktiv mashqlar, tinglab tushunish faoliyatlari, juftlik va guruh ishlari, amaliy suhbatlar muntazam tashkil etilgan. Bundan tashqari, o‘quvchilarning bilimini nazorat qilish uchun har oy test sinovlari o‘tkazilgan.
Eng qiziqarli jihatlardan biri esa o‘quvchilarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash maqsadida tarixiy maskanlarga sayohatlar uyushtirilgani va u yerda xorijlik sayyohlar bilan ingliz tilida muloqot qilish imkoniyati yaratilganidir.
“Bolani rag‘batlantirish eng katta motivatsiya”
Ustozning fikricha, yosh o‘quvchilar bilan ishlashda eng muhim omil ularning qiziqishini yo‘qotmaslikdir.
Ko‘pincha yosh bolalar bilan ishlaganim uchun ularni B2 darajasigacha olib chiqish men uchun katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Albatta, bu jarayon sabr, izchillik va to‘g‘ri yondashuvni talab qiladi. Menimcha, yosh o‘quvchilar bilan ishlashda eng muhim jihat — ularning qiziqishlarini aniqlash va ularni rag‘batlantirib borish, erishgan yutuqlarini e’tirof etish va o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash katta ahamiyatga ega. Aynan shular o‘quvchining motivatsiyasini saqlab qolishga va yuqori natijalarga erishishiga yordam beradi.
Shu bilan birga, o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bu yerda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Bolalarda motivatsiyani saqlab turish uchun asosan rag‘batlantirish va o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishga qaratilgan metodlardan foydalanaman. O‘quvchilarning har bir yutug‘ini e’tirof etish, ularni maqtab va qo‘llab-quvvatlab borish, kichik natijalarni ham qadrlash motivatsiyani oshirishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, rag‘batlantirish tizimi ham o‘quvchilarning darslarga qiziqishini oshirishda muhim vositalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘ziga ishongan va mehnati qadrlanayotgan o‘quvchi bilim olishga yanada ko‘proq intiladi va yuqori natijalarga erishadi, — deydi u.
Ota-onaning ishonchi — hal qiluvchi omil
Sayxod Mansurovning ta’kidlashicha, dastlabki bosqichlarda mavzular nisbatan oson bo‘lgani uchun bolalarda qiziqish yuqori bo‘ladi. Biroq vaqt o‘tishi bilan murakkab mavzular va qiyinchiliklarga duch kelishadi. Aynan shu davrda ota-onaning qo‘llab-quvvatlashi hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Agar ota-ona farzandini doimiy rag‘batlantirib, unga ishonch bildirsa va qiyinchiliklar oldida taslim bo‘lmaslikka undasa, bola albatta ko‘zlagan natijasiga erishadi. Chunki bolalarda “men qila olmayman” degan tushuncha hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. To‘g‘ri yo‘naltirish, motivatsiya va qo‘llab-quvvatlash orqali ular juda katta natijalarga erisha oladilar. Hislatbekning muvaffaqiyatida ham ota-onasining ishonchi va doimiy yordami muhim omillardan biri bo‘ldi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi B2 olishi mumkinmi?
So‘nggi paytlarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining xalqaro til sertifikatlarini qo‘lga kiritayotgani ko‘pchilikni hayratga solmoqda. Ushbu pedagogning fikricha, bu mutlaqo tabiiy holat.
O‘z faoliyatim davomida ko‘plab yosh o‘quvchilarning til sertifikatlarini qo‘lga kiritganiga guvoh bo‘lganman. Xususan, o‘zimning shogirdlarim orasida har yili ko‘plab 4–5-sinfni o‘quvchilarim til sertifikatlarini qo‘lga kiritmoqda. Umuman olganda, shu kungacha 20 ga yaqin shogirdim xalqaro va milliy til sertifikatlariga ega bo‘lgan.
Menimcha, bugungi kunda yosh o‘quvchilarning B2 darajasiga erishishi mutlaqo mumkin. Eng muhimi — to‘g‘ri metodika, muntazam mehnat, ota-onaning qo‘llab-quvvatlashi va o‘quvchining qiziqishi. E’tiborli jihati shundaki, sertifikat olayotgan o‘quvchilarning yosh chegarasi yildan yilga pasayib bormoqda, — ta’kidlaydi ustoz.
Uning fikricha, bugungi kunda sertifikat olayotgan o‘quvchilarning yoshi tobora kamayib borayotgani, mamlakatimizda chet tillarini o‘qitish sifati oshayotgani va ta’limga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijasidir.
Suhbat yakunida o‘qituvchi boshqa o‘quvchilarga sertifikat olish bo‘yicha tavsiyalarini sanab o‘tdi.
Eng asosiy tavsiyam — hech qachon to‘xtamaslik va o‘z oldiga qo‘ygan maqsad sari muntazam harakat qilish. Til o‘rganishda eng muhim omillardan biri izchillik hisoblanadi. Shuningdek, ustozning tavsiyalariga amal qilish, berilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish va darslarda faol qatnashish katta ahamiyatga ega. Natijaga bir kunda erishib bo‘lmaydi, lekin har kuni oz bo‘lsa ham oldinga qadam tashlab borilsa, albatta muvaffaqiyat keladi.
Avvalroq, Xorazmda 5-sinf o‘quvchisi CEFR B2 darajali sertifikatni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
