Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirish uchun 100 million dollar ajratadi

Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirish uchun 100 million dollar ajratadi

Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim sifatini yaxshilashga qaratilgan BILIM dasturini moliyalashtirish uchun 100 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Loyiha doirasida 2 million nafarga yaqin boshlang‘ich sinf o‘quvchisining ta’lim sifati yaxshilanishi, 50 ming nafar pedagogning malakasi oshirilishi hamda 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

 

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda ‘‘Iqtisodiy o‘sish uchun davlat ta’limini transformatsiya qilish’’ (BILIM) dasturini moliyalashtirishni ma’qulladi.

 

Moliyalashtirish paketi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA) tomonidan ajratiladigan 100 million dollarlik imtiyozli kredit hamda ‘‘Ta’limni moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro jamg‘arma (IFFEd)’’ning 5 million dollarlik grantini o‘z ichiga oladi. Mazkur grant IFFEd va Jahon bankining ilk qo‘shma loyihasi hisoblanadi.

 

Loyihaning umumiy qiymati 378 million dollarni tashkil etadi. Shundan 273 million dollar O‘zbekiston hukumati, 100 million dollar IDA imtiyozli krediti va 5 million dollar IFFEd granti hisobidan moliyalashtiriladi.

 

Dastur Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida amalga oshiriladi.

 

Ushbu hududlarda mamlakatdagi maktablarning qariyb 45 foizi joylashgan.

 

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026-yilda maktab o‘quvchilari soni 7,6 million nafardan oshishi kutilmoqda. Shu sababli har yili qariyb 300 ta yangi maktab qurishga ehtiyoj mavjud.

 

BILIM dasturi doirasida 2030-yilgacha quyidagi natijalarga erishish ko‘zda tutilgan:

 

— 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktab rahbarlari va ta’lim boshqaruvi xodimlarining pedagogik hamda boshqaruv salohiyatini oshirish;

 

— yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali 27 mingta yangi boshlang‘ich sinf o‘quv o‘rni yaratish;

 

— ta’lim tizimida ma’lumotlarni yig‘ish va ulardan foydalanish mexanizmlarini takomillashtirish, resurslarni taqsimlash va maktablarni boshqarishni ma’lumotlarga asoslangan yondashuv asosida yaxshilash.

 

Natijada 1–4-sinflarda tahsil olayotgan qariyb 2 million nafar o‘quvchi, jumladan ularning yarmi qizlar, sifatliroq ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.