1 yil arab tili, 3 oy ona tili, 4 oy tarix: Toshkentda yana bir abituriyent qiz muddatidan avval 189 ballni naqd qildi

1 yil arab tili, 3 oy ona tili, 4 oy tarix: Toshkentda yana bir abituriyent qiz muddatidan avval 189 ballni naqd qildi

Katta natijalar shunchaki omad emas. Ular qat’iy reja, sabr, intizom va har kuni o‘z ustida ishlashning samarasidir. Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 193-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Adilxodjayeva Mohinaxon Ziyodullayevna sertifikatlar olib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

 

Mohinaxon o‘zbek tilidan A+, tarix fanidan A, arab tilidan CEFR B2 (60 ball), matematikadan esa C+ darajadagi sertifikatlarga ega bo‘ldi. Endilikda u hujjatlarini Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga topshirishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Mohinaxonning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi 10-sinfni boshlashidan avval paydo bo‘lgan. Dastlab bu yo‘l oson tuyulmagan. Biroq qat’iyat va izchil mehnat tufayli tayyorgarlik jarayoni uning hayotidagi eng qimmatli tajribalardan biriga aylangan.

 

Shundan keyin uning hayoti qat’iy reja asosida davom etadi. Eng murakkab bosqichlardan biri arab tili bo‘lgan. Bu tilni bir yilda CEFR darajasida o‘zlashtirish ko‘pchilik uchun deyarli imkonsizdek tuyuladi.

 

Arab tili qiyin til. Lekin odam qilgan ishni odam qiladi. To‘g‘ri tizim va kuchli iroda bo‘lsa, natijaga erishish mumkin, — deydi u.

 

Bir yillik mehnat natijasida u CEFR B2 sertifikatini qo‘lga kiritadi.

 

90 kun, 40 ta kitob va A+

 

Mohinaxonning eng katta natijalaridan biri — o‘zbek tilidan A+ darajasidagi milliy sertifikat. Mohinaxon atigi 3 oy ichida A+ darajasini olishga muvaffaq bo‘lgan.

 

U 90 kun davomida 40 ta badiiy kitob mutolaa qilib, 50–60 ta esse yozgan. Jumladan, minglab testlarni ishlab, yuzlab matnlarni ham tahlil qilgan.

 

Biror fanni qancha oy o‘qiganingiz emas, unga necha soat ajratganingiz natijani belgilaydi, — deydi Mohinaxon.

 

Dastlab kuniga 5–6 soat, imtihon yaqinlashgan sari esa 9-10 soatdan ona tili bilan shug‘ullangan. Hatto bu vaqtda qahramonlar tushiga kirganini kulib eslaydi:

 

Bir paytlar tushlarimga ham badiiy asarlar qahramonlari kiradigan bo‘lib qolgan edi.

 

Tarix — 4 oyda A daraja

 

Ona tilidagi imtihondan so‘ng Mohinaxon tarix faniga kirishadi.

 

U ustozi Jalol Boltayevning tizimli kurslarida qatnashdi, “Kundalik-optimal” materiallari asosida tayyorlanib, atigi 4 oy ichida A darajasini qo‘lga kiritdi.

 

Har kuni 2 mingtagacha test ishlash, maktab darsliklarini qayta-qayta o‘qish uning kundalik odatiga aylangan.

 

Eng qiyin fan — matematika

 

Mohinaxon uchun eng murakkab fan – matematika bo‘lgan.

 

Fanlardan u 18 oy davomida tinimsiz tayyorlangan. Imtihongacha 40 kun qolganida matematikadan tayyorlanishi kerakligi va 189 ballni naqd qilishi kerakligini tushunib, bu fandan ham kuniga 6–7 soatdan shug‘ullanishni boshlagan.

 

Lekin matematikadan sertifikat olishim biroz men uchun ogʻirroq boʻldi: 18 oydan beri tinimsiz oʻqidim, ruhan emas, jismonan charchadim. Imtihonga esa atigi 40kun qolgan. Ammo bilaman: aynan shu fan meni 189 olish yoki olmasligimni hal qiladi. Ota-onamni menga bildirgan ishonchlari turtki boʻlib, bu fanni ham amallab boshladim.Qoʻlimdan kelgancha oʻqidim, 6-7 soatdan shugʻullandim. Natija esa shugʻullanishimga yarasha C+ boʻldi.

 

Muvaffaqiyat ortidagi insonlar

 

Mohinaxon o‘z natijalarida ustozlarining hissasi katta ekanini alohida ta’kidlaydi.

 

Tarix fanidan u Jalol Boltayevdan ta’lim olgan va uning «Kundalik-optimal» materiallaridan foydalangan. Ona tili fanida Samgin Qurbonov hamda Yoqub Qurolovning test kitoblari asosiy manba bo‘lgan.

 

Matematikani o‘zlashtirishda esa IDC kitoblari bilan bir qatorda maktabdagi algebra fani o‘qituvchisi Xo‘jaqulova Sevaraning yordami katta bo‘lgan.

 

Mohinaxon, shuningdek, ota-onasi Adilxodjayev Ziyodulloh va Nozima, sinf rahbari Dilfuza Jumaniyozova hamda barcha ustozlariga samimiy minnatdorlik bildiradi.

 

Kun tartibi — muvaffaqiyat kaliti

 

Mohinaxonning kun tartibi deyarli daqiqalargacha rejalashtirilgan edi.

 

Uning ta’kidlashicha, tonggi soat 06:00 da dars boshlanar, tushlikkacha tayyorgarlik davom etardi. Tushdan keyin 30 minut dam olish, yana bir necha soatlik mashg‘ulot va kechqurun onlayn darslari ham bo‘lgan.

 

U quyidagi tamoyillarga amal qilgan:

 

  • mavzuni chuqur o‘rganish va muntazam takrorlash;
  • kunning asosiy qismini o‘qishga bag‘ishlash;
  • uyqu rejimini saqlash;
  • tajribali ustoz bilan tizimli ishlash;
  • testlarni tahlil qilib yechish;
  • vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish.

 

Hatto maktabdagi tanaffuslarda ham u test ishlash yoki kitob o‘qish bilan band bo‘lgan.

 

Har bir daqiqa natijani hal qiladi, — deydi u.

 

Shuning uchun u ijtimoiy tarmoqlarning aksariyatini vaqtincha o‘chirib tashladi. Faqat Telegram va YouTube qolgan.

 

Agar ijtimoiy tarmoq sizning ta’limingizga xizmat qilmasa, uni vaqtincha chetga suring, — deya maslahat beradi u.

 

Mohinaxonning fikricha, yuqori natijaga erishish uchun faqat test ishlashning o‘zi yetarli emas. Har bir xato ustida ishlash kerak.

 

 Tahlilsiz test ishlash — bir xatoni ongli ravishda qayta-qayta takrorlash bilan barobar. Oson testlar esa faqat o‘zingizni aldaydi, — deydi u.

 

“Bir vaqtning o‘zida ikki sertifikatga yugurmang”

 

Yosh bitiruvchi sertifikat olishni rejalashtirayotgan tengdoshlariga bir nechta tavsiyalar beradi.

 

Avvalo, tajribali va natijaga yo‘naltirilgan ustozni tanlash kerak. Bir vaqtning o‘zida bir nechta fan bo‘yicha sertifikat olishga urinmaslik, avval bitta fanga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.

 

Shuningdek, avvalgi yillarda tushgan testlarni ishlab, ularni chuqur tahlil qilish muhimligini ta’kidlaydi.

 

Bugun Mohinaxon yangi marralar sari intilmoqda. U ingliz tilini chuqur o‘rganishni davom ettirmoqda.

 

Mohinaxonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, qashqadaryolik oʻquvchi maksimal 189 ballga ega boʻlgani haqida xabar bergan edik.