Pedagoglar uchun kasbiy sertifikatlash sinovlariga ariza topshirish muddati e’lon qilindi

Pedagoglar uchun kasbiy sertifikatlash sinovlariga ariza topshirish muddati e’lon qilindi

Maktablarda faoliyat yuritayotgan stajor-oʻqituvchilar hamda tegishli malaka toifasiga ega boʻlmagan pedagoglar uchun kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish boʻyicha hujjatlar qabuli boshlandi. Arizalar 2026-yil 1-iyuldan 31-iyulga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi.

 

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 87-son qarori bilan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajor-oʻqituvchilar hamda tegishli toifaga ega boʻlmagan pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etiladi.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2026-yil 1-iyuldan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat xizmatlari markazlari orqali kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlarida qatnashish uchun murojaatlar qabul qilinishini maʼlum qildi.

 

Unga ko’ra, murojaatlarni yuborish 2026-yil 31-iyul (shu kuni ham)ga qadar davom etadi.

 

Eslatib oʻtamiz, kasbiy sertifikatlash sinovlarida joriy yilning mart-iyun oylarida oʻtkazilgan kasbiy sertifikatlash sinovlarida yetarli ball toʻplay olmagan (56 dan kam) hamda ishtirok etmagan stajor-oʻqituvchilar ham hujjat topshirishlari mumkin.

 

Avvalroq, pedagogika yo‘nalishining ayrim talabalariga kasbiy sertifikatlash sinovlarida bepul ishtirok etish imkoniyati berilishi haqida xabar bergan edik.