Navoiy shahridagi 20-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holati aniqlandi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, xodimlarni ta’mirlash ishlariga majburlagan mas’ul shaxsga ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Navoiy shahridagi 20-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan 6 nafar xodimning murojaati o‘rganilgan.
O‘rganish davomida maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.Djabbarova xodimlarni ish haqi yozilmasligi bilan tahdid qilib, ta’mirlash ishlariga majburiy jalb qilgani aniqlangan.
Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi talablarini buzish sifatida baholanib, mas’ul shaxsga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi asosida 20 million 600 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi majburiy mehnat va xodimlar huquqlarining buzilishiga nisbatan qonunchilikda qat’iy javobgarlik belgilanganini yana bir bor eslatdi.
Avvalroq, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktab oʻqituvchilarni “majburiy mehnatga jalb etilgani” uchun maktab direktori 42 mln soʻm miqdorida jarimaga tortilgan. Pedagoglarni oʻz lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmagani sababli maktab direktori egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi.
