Xorijiy til o‘qituvchilari uchun xalqaro til sertifikat imtihonlari xarajatlarini qoplash tartibi soddalashtirilmoqda

Xorijiy til o‘qituvchilari uchun xalqaro til sertifikat imtihonlari xarajatlarini qoplash tartibi soddalashtirilmoqda

Xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi xalqaro sertifikat olgan o‘qituvchilarga imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berishning tartibi ishlab chiqildi. Qaror loyihasiga ko‘ra, kompensatsiya olish uchun murojaatlar YIDXP orqali qabul qilinib, jarayon to‘liq raqamlashtiriladi.

 

Muhokamalar portaliga ‘‘Xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha yuqori ball (daraja) olgan xorijiy tillar oʻqituvchilariga imtihon topshirish xarajatlarini to’liq qoplash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida’’gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

 

Loyihaga ko‘ra, davlat umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari xalqaro sertifikat olish uchun sarflagan mablag‘larini onlayn tarzda qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Bunda kompensatsiya umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari pedagoglari uchun esa Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan to‘lanishi nazarda tutilgan.

 

Kompensatsiyani olish uchun o‘qituvchi Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi kerak bo‘ladi.

 

Arizaga imtihon to‘lovi amalga oshirilganini tasdiqlovchi kvitansiya hamda xalqaro sertifikat nusxasi ilova qilinadi.

 

Kompensatsiya olish uchun pedagog xalqaro imtihondan belgilangan minimal natijani qo‘lga kiritgan bo‘lishi, sertifikat berilganidan keyin 180 kun ichida murojaat qilishi hamda sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanishi kerak.

 

Murojaat qilish jarayonida ariza beruvchi imtihon uchun kompensatsiyani olish uchun oʻziga qulay hududdagi Xalq banki filialini tanlaydi.

 

Shuningdek, bir xil turdagi xalqaro imtihon uchun xarajat faqat bir marta qoplanadi. Ya’ni, avval ma’lum bir imtihon turi bo‘yicha kompensatsiya olgan pedagogga aynan shu imtihonni qayta topshirgan taqdirda xarajatlar yana qoplab berilmaydi.

 

Biroq boshqa turdagi xalqaro imtihonlardan yuqori natija qayd etilsa, kompensatsiya olish imkoniyati saqlanib qoladi.