Marg‘ilon shahrida 17 nafar voyaga yetmagan bolaga hujra sharoitida noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlandi. Holat yuzasidan ikki nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
19-iyun kuni Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahridagi xonadonda hujra sharoitida noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlangan.
Viloyat IIB ma’lum qilishicha, Oltiariq tumanida yashovchi 2005-yilda tug‘ilgan shaxs 1988-yilda tug‘ilgan sherigi bilan 1987-yilda tug’ilgan Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi tanishining xonadonida hujra tashkil etib, 17 nafar voyaga yetmaganga noqonuniy diniy ta’lim berib kelgan.
Uy egasi esa ushbu faoliyat uchun sharoit yaratib bergan. Voyaga yetmaganlar orasida Xorazm viloyati hamda Toshkent shahridan kelgan 5 nafar bola ham bo‘lgan.
Tezkor tadbir davomida holat fosh etilib, daliliy ashyolar rasmiylashtirilgan.
Dastlabki surishtiruvlarda ta’limni yaxshi o‘zlashtira olmagan bolalarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani ham aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan ikki nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 229-moddasi 2-qismi hamda 110-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Xonadon egasiga nisbatan esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 240-moddasi asosida qonuniy chora ko‘rish uchun materiallar sudga yuborilgan.
Shuningdek, noqonuniy diniy ta’lim olgan voyaga yetmaganlarning ota-onalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 3-qismiga asosan javobgarlikka tortilgan.
