Endilikda Fransiyada talabalar universitet oshxonalarida 1 yevroga tushlik qilishlari mumkin

Endilikda Fransiyada talabalar universitet oshxonalarida 1 yevroga tushlik qilishlari mumkin

Endilikda Fransiyadagi barcha talabalar universitet oshxonalarida atigi 1 yevro (13,812 so‘m) evaziga ovqatlanishi mumkin bo‘ladi. Avval bu imtiyoz faqat grant oluvchi va moddiy ahvoli og‘ir talabalarga berilgan edi.

 

Joriy yil 4-maydan boshlab Fransiyada barcha talabalar uchun universitet oshxonalarida 1 yevrolik (13,812 so‘m) tushlik dasturi joriy etildi.

 

Mazkur dastur ilgari faqat stipendiya oladigan yoki moddiy jihatdan qiynalayotgan talabalar uchun amal qilgan bo‘lsa, endilikda u barcha talabalarni qamrab oladi. Bu qaror talabalar xarajatlarini kamaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan.

 

Kimlar foydalanishi mumkin?

 

Fransiya hukumati ma’lum qilishicha, 1 yevrolik ovqatlanish dasturi Crous tarmog‘i (talabalar uchun mo‘ljallangan maxsus davlat oshxona va kafelar tarmog‘i)ga qarashli barcha universitet oshxonalarida hamda imkon qadar kafeteriyalar va boshqa ovqatlanish shoxobchalarida joriy etiladi.

 

Bundan tashqari, doktorantlar ham ushbu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.

 

Talabalar universitetning elektron talabalik guvohnomasi orqali o‘z maqomini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, Izly to‘lov tizimida faol hisob qaydnomasiga ega bo‘lishi kerak.

 

1 yevrolik tushlik tarkibiga nimalar kiradi?

 

Talabaga 1 yevro evaziga:

 

  • bitta asosiy taom;
  • va qo‘shimcha ravishda ikki turdagi mahsulot (salat, meva, desert yoki pishloq kabi) beriladi.

 

Agar talaba qo‘shimcha taom olishni istasa, buning uchun alohida haq to‘laydi.

 

Mazkur imkoniyat kuniga bir marta tushlik vaqtida taqdim etiladi. Kechki payt ishlaydigan universitet oshxonalarida esa kechki ovqat uchun ham foydalanish mumkin.

 

Imtiyoz uchun 50 million yevro ajratildi

 

Fransiya hukumati ushbu dasturni moliyalashtirish uchun 2026-yil budjetidan qariyb 50 million yevro ajratgan.

 

Talabalar soni oshishi kutilayotgani sababli universitet oshxonalarida ishlash uchun qo‘shimcha 200 nafar xodim ham ishga olinadi.

 

Fransiya hukumati ushbu tashabbusni moliyalashtirish va talabalar orasidagi moddiy ta’minot bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish maqsadida 2026-yil budjetidan qariyb 50 million yevro ajratgan.

 

Shuningdek, talabalar sonining oshishi kutilayotgani sababli Crous tizimida qo‘shimcha 200 nafar xodim ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan.

 

Qayd etilishicha, Crous tizimiga qarashli muassasalarda 2025-yilda 44 milliondan ortiq tushlik taqdim etilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 1,4 foizga ko‘pdir. Ushbu ovqatlarning yarmidan esa stipendiya oluvchi va ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj talabalar foydalangan.