Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga qanday imtiyozlar beriladi?

Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga qanday imtiyozlar beriladi?

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun oliy ta’limga qabul jarayonida qator imtiyozlar nazarda tutilgan. Ular test to‘lovidan ozod etiladi, qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida talabalikka tavsiya qilinadi, ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun esa alohida imtihonlar tashkil etiladi.

 

Prezidentning  2023-yil 27-fevraldagi PQ-74-sonli qarorida, abituriyentlar uchun moʻljallangan qabul tartibiga oid maʼlumotlar nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay formatda boʻlishi yaʼni, videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi belgilangan.

 

Unga koʻra:

 

– I, II va III guruh nogironligi boʻlgan shaxslar hamda nogiron bolalar test sinovi uchun toʻlovdan ozod etiladi;

 

– I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar hamda nogiron bolalar qoʻshimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi;

 

– koʻzi ojiz abituriyentlar uchun oliy taʼlim muassasalari tomonidan maxsus imtihon tashkil etiladi;

 

– imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan koʻzi ojiz abituriyentlar Davlat komissiyasi qarori asosida tanlovsiz, alohida ajratilgan oʻrinlarga davlat granti asosida qabul qilinadi;

 

– nogironligi boʻlgan talabalar uchun qoʻshimcha ikki foizli davlat granti kvotalari ajratiladi. Ushbu davlat granti har bir taʼlim shakli boʻyicha oliy taʼlim muassasalari kesimida belgilanadi va abituriyentlar tomonidan tanlangan 5 ta OTM uchun ham oʻrinli hisoblanadi.

 

Shuni yodda tutish kerakki, grant asosidagi 2 foizlik kvota doirasida talaba boʻlish uchun abituriyent belgilangan maksimal ballning kamida 30 foizini toʻplashi kerak. Yaʼni, ajratilgan kvota doirasida abituriyent toʻplagan balli boʻyicha yuqori oʻrinda boʻlib, ammo uning balli maksimal ballning 30 foizidan kam boʻlsa, unda abituriyent bu imkoniyatdan foydalana olmaydi.

 

Bundan tashqari, nogironligi bor fuqarolarga “Maxsus pedagogika, defektologiya” yoʻnalishida magistratura uchun toʻliq davlat granti beriladi.

 

Prezidentning maxsus qarorida, imkoniyati cheklangan abituriyentlarga oʻqishga qabul jarayonlarida beriladigan imtiyozlar bilan bir qatorda, OTMlarda tahsil olayotgan nogironligi boʻlgan talabalarga ham bir qancha qulayliklar yaratish belgilangan. Qarorga koʻra, talabalarga oʻqish jarayonida koʻmaklashish uchun uning yaqinlaridan biri OTMda birga boʻlishi mumkin.

 

Avvalroq, my.uzbmb.uz saytidagi 7- va 8-qadamlar nega ochilmayotgani haqida xabar bergan edik.