Abituriyentlar test uchun to‘lovni qachongacha qilishi kerak?

Abituriyentlar test uchun to‘lovni qachongacha qilishi kerak?

Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun hujjat topshirayotgan avvalgi yilgi bitiruvchilar 206 ming so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshirishi kerak. To‘lovni 25-iyun soat 23:59 ga qadar to‘liq to‘lamagan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.

 

Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayoni davom etmoqda. Joriy yilda maktab, akademik litsey yoki kollejni bitirgan abituriyentlar test sinovlarida qatnashish uchun to‘lov qilmaydi. Avvalgi yillar bitiruvchilari esa 206 ming so‘m miqdoridagi to‘lovni amalga oshirishi kerak.

To‘lov qilinmasa, testga kirish mumkinmi?

 

Yo‘q. Belgilangan to‘lovni amalga oshirmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tmagan deb hisoblanadi va test sinovlarida qatnashish huquqiga ega bo‘lmaydi.

 

To‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladimi?

 

Ha. To‘lovni bir necha qismga bo‘lib amalga oshirish mumkin. Biroq mablag‘ning to‘liq qismi 25-iyun kuni soat 23:59 ga qadar to‘langan bo‘lishi shart.

 

Mutaxassislar abituriyentlarga to‘lovni so‘nggi muddatgacha cho‘zmaslikni tavsiya qilmoqda. Chunki bank tizimlarida texnik profilaktika ishlari olib borilishi yoki oxirgi kunlarda foydalanuvchilar sonining keskin ortishi sababli onlayn xizmatlarda uzilishlar kuzatilishi mumkin. Natijada ayrim abituriyentlar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshira olmay qolishi ehtimoli mavjud.

 

Kimlar test to‘lovidan ozod qilinadi?

 

Quyidagi toifadagi fuqarolar test sinovlarida qatnashish uchun to‘lov qilmaydi:

 

– ta’lim muassasasini 2025-yilda bitirgan abituriyentlar;

 

– Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari;

 

– to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar;

 

– nogironligi bo‘lgan shaxslar;

 

– “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar hamda ularning farzandlari;

 

– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar.

Avvalroq, my.uzbmb.uz saytidagi 7- va 8-qadamlar nega ochilmayotgani haqida xabar bergan edik.