Surxondaryoda 10-sinf bitiruvchisi 189 ballni muddatidan oldin naqd qildi

Surxondaryoda 10-sinf bitiruvchisi 189 ballni muddatidan oldin naqd qildi

Surxondaryolik 10-sinf bitiruvchisi To‘laboyev Bexruzbek bir necha fanlardan yuqori darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin 189 ball natijani jamlashga muvaffaq bo‘ldi.

 

Surxondaryo viloyati “Kelajak” markazi to‘garagi a’zosi, 10-sinf bitiruvchisi To‘laboyev Bexruzbek oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun muhim bo‘lgan sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin 189 ball natijani jamlashga muvaffaq bo‘ldi.

 

U matematika fanidan A+, ingliz tilidan CEFR C1, tarixdan A hamda ona tili va adabiyot fanidan B darajali sertifikatlarga ega.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Bexruzbek kelajakda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirgan.

 

Uning sertifikat olish haqidagi dastlabki maqsadi 2024–2025-o‘quv yili arafasida shakllangan.

 

Yillar davomida shakllangan bilim

 

Bexruzbekning aytishicha, sertifikat fanlari bo‘yicha bilim olish maktab davrining ilk yillaridayoq boshlangan. Biroq sertifikat imtihonlariga yo‘naltirilgan tayyorgarlik uchun alohida vaqt ajratgan.

 

Jumladan, ingliz tiliga 1,5 yil, matematikaga 9 oy, tarix faniga 3 oy hamda ona tili va adabiyot faniga bir oy davomida tayyorlangan.

 

Yosh yigit o‘z natijalarida ustozlarining hissasi katta ekanini alohida ta’kidlaydi.

 

Matematika ustozim Islom Jumayevning yordamlari juda katta bo‘ldi. Ustozim nafaqat bilim berdi, balki yuqori natijalarga erishishim uchun  katta yordam bergan deb bemalol ayta olaman.

 

Har kimning o‘ziga mos usuli bo‘ladi

 

Bexruzbek tayyorgarlik davrida turli manbalar, metodlar va tavsiyalardan foydalangan.

 

O‘ylashimcha, tayyorgarlik vaqtida qo‘llagan eng samarali usulim — bu ilm olish vaqtida har qanday manbalardan ma’lumot va yo‘l-yo‘riq olganligim. Men tavsiya qilingan barcha usullarni sinab ko‘rardim. Keyin esa o‘zimga eng mos keladigan yo‘lni tanlab, aynan shu usul bo‘yicha davom etdim. O‘ylashimcha, muvaffaqiyatning asosiy sabablaridan biri ham shu bo‘lgan, — deydi u.

 

Maktab va sertifikatlarni uyg‘unlashtirish siri

 

Ko‘pchilik o‘quvchilar uchun maktab darslari bilan sertifikat tayyorgarligini bir vaqtda olib borish qiyin kechadi. Bexruzbek esa bunga o‘ziga xos yondashuv topgan.

 

Chorak boshidayoq asosiy mavzu va terminlarni o‘rganib olardim. Shu sababli chorak davomida maktab darslariga ortiqcha vaqt sarflamasdan, sertifikat savollariga ko‘proq e’tibor qaratish imkoniga ega bo‘lardim.

 

Muvaffaqiyat yo‘lida eng katta sinovlardan biri uyqu rejimini saqlash bo‘lgan.

 

Uyqu rejimini tartibga solish borasida ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganman. Shunga qaramay, imkon qadar erta yotib, erta turishga harakat qilardim. Bu esa tayyorgarlik samaradorligini oshirgan. Shu bilan birga, tayyorlanish davrida stress va tushkunlik holatlari ko‘p bo‘lgan. Bunday paytlarda atrofdagi salbiy fikrlarga e’tibor bermaslikka yoki boshqa mashg‘ulotlar bilan chalg‘ishga harakat qilardim. Psixologik tayyorgarlik va intizom uzoq muddatli maqsadlarga erishishda juda muhim, — deydi Bexruzbek.

 

Telefon — zarar emas, to‘g‘ri foydalanilsa yordamchi

 

Telefon borasida fikrlovchilar ikkiga bo‘linadi: ba’zilar insonni o‘ziga bog‘liq yana ikkinchi tomondan telefon baribir chalg‘itadi degan fikrda. Bexruzbek esa birinchi qarash tarafdori.

 

Aslini olganda, o‘qish davomida telefon men uchun katta yordamchi bo‘ldi. Bir vaqtni o’zida son sanoqsiz kitoblar yoki boshqa narsalarni olib yurishdan ko’ra bu gadjetni olib yurish men uchun juda qulay. Bundan tashqari, bugungi kunda bu gadjetda mavjud bo‘lgan ko‘pgina ilovalar va saytlar men uchun juda samarali va foydali ma’lumot manbasi sifatida xizmat qilmoqda, — deydi u.

 

Bexruzbekning fikricha, muvaffaqiyatning eng muhim omili — davomiylik va intizom.

 

Kimdir sizga “qila olasan” yoki “qila olmaysan” deyishi mumkin. Eng muhimi, o‘z maqsadingizdan chalg‘imaslik. O‘rganayotgan narsangizni faqat sertifikat uchun emas, balki qiziqish va ishtiyoq bilan o‘rganing, — deydi u.

 

Suhbat yakunida maktablardagi ta’lim tizimi haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi:

 

O‘ylashimcha, maktabda bir kunda o‘tiladigan 5-6 ta dars o‘rniga 2-3 ta dars o‘tiladigan qilinishi kerak va shu 2-3 ta dars soatini 1,5-2 soat atrofida qilish kerak.

 

Muddatidan oldin 189 ball natijani qo‘lga kiritgan Bexruzbek ayni vaqtda ingliz tili ustida ishlashni davom ettirmoqda.

 

Hozir asosiy maqsadim IELTS imtihonini topshirish. Shundan keyin esa SAT imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishni rejalashtiryapman, — deydi u.

 

Bexruzbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, surxondaryolik abituriyent IELTS 7.5 va yana bir necha sertifikatlar olib, muddatidan oldin 189 ball to‘plagani haqida xabar bergan edik.