Sertifikat natijasi chiqmasdan ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar nima qilishi kerak? BMBA tushuntirish berdi

Sertifikat natijasi chiqmasdan ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar nima qilishi kerak? BMBA tushuntirish berdi

Sertifikat natijalari hali chiqmasdan ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar ma’lumotlarini keyinchalik yangilashi mumkin. BMBA ma’lumotiga ko‘ra, chet tili va ona tili sertifikatlari natijalari e’lon qilingach, “Qayta ariza topshirish” xizmati orqali sertifikatdan foydalanish yoki foydalanmaslikni tanlash imkoniyati mavjud.

 

Qabul jarayonida chet tili va ona tili sertifikatlari natijalari hali e’lon qilinmasdan ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar tomonidan bu holatda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida savollar berilmoqda.

 

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, chet tili sertifikati natijalari 19-iyun, ona tili va adabiyot sertifikati natijalari esa 23-iyun kuniga qadar e’lon qilinadi. Natijalar chiqqandan so‘ng abituriyentlar o‘z ma’lumotlarini yangilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Agar sertifikat majburiy fan uchun qo‘llaniladigan bo‘lsa, ya’ni tanlangan mutaxassislik fanlari tarkibida ona tili va adabiyot mavjud bo‘lmasa, abituriyentdan hech qanday qo‘shimcha harakat talab etilmaydi. Sertifikat olingan taqdirda, maksimal ball avtomatik ravishda hisobga olinadi.

 

Ona tili va adabiyot yoki chet tili mutaxassislik fani sifatida belgilangan yo‘nalishlarga hujjat topshirgan va sertifikat natijalari chiqishidan oldin ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar esa qayd varaqasining quyi qismidagi “Qayta ariza topshirish” funksiyasidan foydalanishlari mumkin.

 

Mazkur xizmat orqali ro‘yxatdan o‘tish bosqichlari qayta amalga oshiriladi hamda sertifikat natijalari e’lon qilingach, undan foydalanish yoki foydalanmaslik bo‘yicha tanlov qilinadi.

 

Masalan, talabgor natijalar e’lon qilingandan so‘ng ona tilidan B,  B+ yoki chet tilidan C1, B2 yoki B1 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritsa va ushbu fan mutaxassislik fani hisoblangan bo‘lsa, qayta ariza topshirish jarayonida sertifikatni hisobga olishni tanlashi mumkin.

 

Shuningdek, agentlik abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tib, to‘lovni amalga oshirib bo‘lgan taqdirda ham o‘z ma’lumotlarini tahrirlashi mumkinligini ma’lum qildi. Bu borada hech qanday cheklov mavjud emas.

 

Avvalroq, my.uzbmb.uz saytidagi 7- va 8-qadamlar nega ochilmayotgani haqida xabar bergan edik.