Talabalar jamoat transportidan qanchalik mamnun? Toshkentda so‘rovnoma o‘tkazilmoqda

Talabalar jamoat transportidan qanchalik mamnun? Toshkentda so‘rovnoma o‘tkazilmoqda

Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish qulayligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini o‘rganish maqsadida aholi o‘rtasida so‘rovnoma tashkil etilmoqda.

 

So‘nggi yillarda Toshkent shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yangi avtobus va elektrobuslarni olib kelish hamda yo‘lovchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

 

2026/2027-o‘quv yili boshlangani munosabati bilan poytaxtda jamoat transportidan foydalanish ko‘lami ham yuqori. Avvalroq xabar berilganidek, 15-sentyabr kuni Toshkent avtobuslaridan 1,5 milliondan ortiq yo‘lovchi foydalangan. Shuningdek, 21-sentyabr kuni Toshkent metropolitenidan 1 million 181 ming 581 nafar yo‘lovchi foydalangan. Bu avtobus va metropoliten tarixidagi eng yuqori kunlik ko‘rsatkich sifatida qayd etilgandi.

 

Shu kabi ko‘rsatkichlar fonida Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish qulayligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini o‘rganish maqsadida aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilmoqda.

 

So‘rovnoma Transport vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan.

 

Undan ko‘zlangan maqsad — yo‘lovchilarning jamoat transportidan foydalanish tajribasi va fikrlarini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash hamda transport xizmatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni shakllantirishdan iborat.

 

Bunda Toshkent shahrida tahsil olayotgan talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda jamoat transportidan muntazam foydalanadigan barcha fuqarolar ishtirok etishi mumkin.

 

Tashkilotchilar Toshkent shahri aholisi va jamoat transportidan foydalanuvchilarni so‘rovnomada faol ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishga chorlamoqda.

 

So‘rovnomada ishtirok etish: https://docs.google.com/forms/d/e/1FAIpQLSdy9sLqYbHXh2AnB1QCnqltVrL3Ja8OGGQ22LtY0LHFKLSYwA/viewform?usp=header