Xitoy universitetlari mehnat bozori va sun’iy intellekt davriga moslashish uchun o‘quv yo‘nalishlarini yangilamoqda. Unga ko‘ra, “eskirgan” deb topilgan minglab mutaxassisliklar bekor qilinib, ularning o‘rniga texnologiyaga yo‘naltirilgan yangi yo‘nalishlar ochilmoqda.
South China Morning Post nashrining ma’lum qilishicha, 2021–2025-yillar davomida Xitoy universitetlarida 12 200 ta bakalavriat yo‘nalishi bekor qilingan yoki vaqtincha to‘xtatilgan.
Shu bilan birga 10 200 ta yangi mutaxassislik joriy etilgan. Bu esa mamlakatdagi oliy ta’lim dasturlarining qariyb 30 foizidan ortig‘i yangilanganini anglatadi.
Qisqartirilgan yo‘nalishlarning asosiy qismi san’at, gumanitar fanlar, xorijiy tillar va menejment sohalariga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislar bu sohalar mehnat bozorida talab kamaygani va ayrim yo‘nalishlar ortiqcha takrorlanib ketgani bilan izohlagan.
Yangi ochilayotgan mutaxassisliklar esa sun’iy intellekt, robototexnika va yuqori texnologiyalar kabi sohalarga yo‘naltirilgan. Xususan, mamlakatdagi 9 ta universitet “embodied intelligence” kabi yangi yo‘nalishlar joriy etilgan bo‘lib, bu yo‘nalishlar sun’iy intellektni amaliy iqtisodiyotga tatbiq etishga qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Xitoyda bitiruvchilar soni keskin oshgan, biroq ularning bir qismi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiyinchilikka duch kelmoqda.
Avvalroq, AQShning ba’zi universitetlari sun’iy intellekt sabab og‘zaki imtihonlarga o‘tayotganligi haqida xabar bergan edik.
