HEMIS platformasida talabalar bilan ishlash va hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini yanada qulaylashtirishga qaratilgan yangi funksiyalar joriy etildi. Yangilanishlar orasida talabalarni familiya va ismi bo‘yicha qidirish, diplomlarda ism-sharifni ICAO standartlari asosida shakllantirish hamda ijara shartnomalari ma’lumotlarini tizim orqali ko‘rish imkoniyatlari mavjud.
HEMIS platformasi foydalanuvchilari uchun qator yangi funksiyalar ishga tushirildi. Yangilanishlar talabalar bilan ishlashni yanada qulaylashtirish, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish hamda ma’lumotlar almashinuvini takomillashtirishga qaratilgan.
Talabalarni familiya va ismi bo‘yicha qidirish imkoniyati kengaytirildi
Endilikda talabalar bazasi va talabalar ro‘yxatida familiya va ismni birgalikda qidirish mumkin. Buning uchun qidiruv maydoniga avval familiya, so‘ng ism bo‘shliq bilan ajratilgan holda kiritiladi. Shuningdek, familiya va ismning faqat bosh harflarini yozish orqali ham qidiruv natijalarini olish mumkin. Katta yoki kichik harflarda yozilishi qidiruvga ta’sir qilmaydi.
Diplomlarda ism-sharifni ingliz tilida shakllantirish muammosi bartaraf etildi
HEMIS tizimida ICAO xalqaro standartlari asosida o‘zbek lotin va kirill alifbosidagi ism-shariflarni ingliz tiliga transliteratsiya qilish funksiyasi joriy etildi. Endilikda o‘zbekcha lotin yoki kirill yozuvidagi ma’lumotlarni pasportdagi yozilishiga mos ravishda inglizcha shaklga o‘tkazish mumkin.
Mutaxassislar diplomlarda ism-shariflarni rasmiylashtirishda “o‘zbekcha lotin → inglizcha (ICAO)” usulidan foydalanishni tavsiya qilmoqda. Tizimning keyingi versiyalarida ushbu jarayon avtomatik tarzda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Talabalarning ijara shartnomalarini ko‘rish tizimi ishga tushirildi
HEMIS tizimi Soliq qo‘mitasining axborot tizimi bilan integratsiya qilindi. Natijada ijara shartnomalari haqidagi ma’lumotlarni platforma orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri olish imkoniyati yaratildi.
Mas’ul xodimlar uchun shartnomalar ro‘yxati “Tashqi xizmatlar → Ijara shartnomalari” menyusida aks etadi. “Sinx” tugmasi orqali oxirgi bir oy davomida kiritilgan o‘zgarishlarni yangilash mumkin.
Talabalar esa “Moliyaviy to‘lov → Ijara shartnomalari” bo‘limi orqali o‘z ijara shartnomalari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishlari va yangilashlari mumkin.
Avvalroq, HEMIS tizimida ilmiy daraja va unvonlarni avtomatik olish imkoniyati yaratilgani haqida xabar bergan edik.
