Maktab o‘quvchilari o‘rtasida ‘‘Ilg‘or muhandislik maktabi’’ milliy tanlovi tashkil etiladi

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida ‘‘Ilg‘or muhandislik maktabi’’ milliy tanlovi tashkil etiladi

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi tashkil etiladi. Tanlov har yili uch bosqichda o‘tkazilib, har bir maktabdan 5 nafar o‘quvchi va 1 nafar o‘qituvchi ishtirok etadi. G‘oliblarga pul mukofotlari, xorijiy ta’lim sayohatlari hamda 1 milliard so‘mgacha grant va laboratoriya jihozlari ajratiladi.

 

2026-yil 11-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun ‘‘Ilg‘or muhandislik maktabi’’ milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, har yili umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.

 

Tanlov har yili quyidagi 3 bosqichda maktablar o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etiladi:

 

  • tuman (shahar) bosqichi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichi;
  • respublika bosqichi.

 

Har bir maktabdan faqat bitta terma jamoa ishtirok etadi. Jamoa 8–10-sinfning 5 nafar o‘quvchisi va 1 nafar fizika fani o‘qituvchisidan iborat bo‘ladi.

 

Tanlov gʻoliblari quyidagi miqdorlarda pul mukofoti bilan taqdirlanadi:

 

— tuman (shahar) bosqichida;

1-oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari
2-oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari
3-oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari

 

— Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichida;

1-oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari
2-oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravari
3-oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari

 

— Respublika bosqichida;
1-oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari
2-oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 450 baravari
3-oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari

 

Shuningdek, tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari uchun xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatlariga yuboriladi.

 

Respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan maktabga Davlat budjeti hisobidan muhandislikka oid laboratoriyalarni jihozlash hamda o‘z ichiga olgan innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

 

Bundan tashqari, innovatsion texnoparkka ega bo‘lgan maktablarda mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlariga ko‘ra fizika fani o‘qituvchisi tenglashtirilgan 1 ta shtat birligida laborant lavozimi joriy etiladi.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ikki oy muddatda tanlovda ishtirok etuvchi maktablarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda jamoalarni baholash imkonini beruvchi maxsus platformani ishlab chiqadi.

 

Platforma orqali o‘qituvchilar va o‘quvchilarning malaka sertifikatlari, yutuqlari hamda fizika fanidan olimpiadalardagi ishtiroki asosida baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.