Jizzaxlik oʻquvchi Shukurullayeva Elnoza Xoshim qizi milliy sertifikat imtihonlarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritib, muddatidan oldin Toshkent tibbiyot universiteti talabasi boʻldi. U biologiya va kimyo fanlaridan A, oʻzbek tili va adabiyotidan B+, matematikadan B hamda tarix fanidan C+ darajalarni qoʻlga kiritib, jami 189 ball toʻpladi.
“Toshkent tibbiyot universitetida oʻqishni maqsad qilganman”
Elnozaning aytishicha, sertifikat olish gʻoyasi unda 9-sinfda, yaʼni 2023–2024-oʻquv yilida paydo boʻlgan. Shundan soʻng u oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib, muntazam tayyorgarlikni boshlagan.
“Toshkent tibbiyot universitetida oʻqishni maqsad qilganman. Shu sababli sertifikat olish uchun jiddiy tayyorgarlik koʻra boshladim”, — deydi u.
U biologiya va kimyo fanlariga ikki yil davomida tayyorlangan. Ona tili va adabiyoti, tarix hamda matematika fanlari uchun esa bir oyga yaqin vaqt sarflagan.
Yosh oʻquvchining fikricha, muvaffaqiyatning eng muhim omillaridan biri mavzularni chuqur tushunish va xatolar ustida ishlashdir.
“Mavzuni toʻliq tushunishga harakat qilardim. Testlarni ishlab boʻlgach, xatolarimni tahlil qilib, kitobdan qayta topib oʻqirdim. Bu usul bilimlarimni mustahkamlashga yordam berdi”, — deydi u.
“Kuniga 18 soatlab ham oʻqigan kunlarim boʻlgan”
Elnozaning muvaffaqiyati ortida katta mehnat yotadi. U bir vaqtning oʻzida litseydagi darslar va repetitorlik mashgʻulotlarini olib borgan.
“Ertalab soat 08:00 dan 13:00 gacha litseyda oʻqirdim. Soʻng 13:00 dan 21:00 gacha qoʻshimcha darslarda qatnashardim. Uyga kelgach esa tungi soat 02:00–03:00 gacha dars qilardim. Baʼzan tonggacha oʻqigan kunlarim ham boʻlgan. Kuniga 18 soatlab ham oʻqigan paytlarim boʻlgan”, — deydi u.
Shu sababli uning uyqu vaqti ham ancha qisqargan. Koʻpincha tungi soat 03:00 dan ertalab 07:00 gacha uxlagan. Sertifikatlarni qoʻlga kirita boshlagach esa uyqu va dam olish vaqti asta-sekin meʼyoriga qaytgan.
Uning taʼkidlashicha, imtihon savollari tayyorgarlik davomida ishlagan testlarga oʻxshash boʻlgan. Yetarli bilim va muntazam tayyorgarlik tufayli testlarda jiddiy qiyinchilikka duch kelmagan.
“Biologiya va matematikadan uchinchi urinishda natijaga erishdim”
“Tayyorgarlik davomida qiyinchiliklar ham boʻlgan. Xususan, biologiya va matematika fanlaridan oʻzi kutgan natijaga darhol erisha olmagan paytlarda taslim boʻlmaslik juda muhim. Harakat qilaversangiz, albatta natija boʻladi”, — deydi Elnoza.
Uning fikricha, psixologik tayyorgarlik ham bilim kabi muhim. Chunki muvaffaqiyatga erishish uchun inson avvalo oʻziga ishonishi va qiyinchiliklar oldida ortga chekinmasligi kerak.
Kelajak abituriyentlariga tavsiyalar
Elnoza telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni ham qatʼiy nazorat qilgan.
“Sertifikatlarni qoʻlga kiritgunimcha ijtimoiy tarmoqlarga oʻzim uchun taqiq qoʻyganman. Telefondan faqat kerakli mavzular boʻyicha onlayn darslar koʻrish uchun foydalanganman”, — deydi u.
Kelajakdagi abituriyentlarga esa quyidagi maslahatni beradi:
“Natija darhol chiqmasa tushkunlikka tushmang. Harakat qilishdan toʻxtamang. Koʻproq test ishlang, ustozlaringiz tavsiyalariga amal qiling va oʻzingizga ishoning. Mehnatning albatta mevasi boʻladi”.
Elnoza maktablarda oʻquvchilarni qiziqishlari va kelajakdagi kasbiy yoʻnalishlariga qarab guruhlarga ajratish hamda mutaxassislik fanlariga koʻproq eʼtibor qaratish kerak, deb hisoblaydi.
Bugun u Toshkent tibbiyot universiteti talabasi boʻlish orzusiga erishgan. Hozirda esa boʻsh vaqtini ingliz va rus tillarini oʻrganishga bagʻishlamoqda.
Avvalroq, Farg‘onada 15 yoshli o‘quvchi bir nechta sertifikatlar olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qilgani haqida xabar bergan edik.
