Huquqni muhofaza qilish akademiyasida magistratura bosqichiga qabul boshlandi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida magistratura bosqichiga qabul boshlandi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027-o‘quv yili uchun magistraturaga qabul boshlandi. Hujjatlar 10-iyundan 31-iyulga qadar my.uzbmb.uz platformasi orqali qabul qilinadi hamda kirish sinovlari avgust oyida o‘tkaziladi.

 

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027 oʻquv yili uchun magistraturaga qabul boshlandi.

 

Hujjatlar 10-iyundan 31-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishning yagona elektron platformasi – my.uzbmb.uz orqali qabul qilinadi.

 

Akademiya magistraturasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat boshqaruvi va huquqni qoʻllash amaliyoti uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan zamonaviy taʼlim dasturlarini amalga oshiradi.

 

2026/2027 oʻquv yili uchun quyidagi mutaxassisliklar boʻyicha qabul amalga oshiriladi:

 

– Prokurorlik faoliyati;

 

– Prokurorlik faoliyati (kechki va masofaviy taʼlim shakllari);

 

– Korrupsiyaga qarshi kurashish;

 

– Inson huquqlariga oid xalqaro huquq;

 

– Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash (masofaviy taʼlim shakli, rus tili guruhi).

 

“Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” mutaxassisligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etishga qaratilgan qarorlari asosida tashkil etilgan.

 

Mazkur mutaxassislik boʻyicha Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan nufuzli xalqaro IT-sertifikatlarga ega boʻlgan nomzodlar mutaxassislik fanlari boʻyicha “Informatika va axborot texnologiyalari” fanidan kirish imtihonini topshirishdan ozod etiladi.

 

Shuningdek, ushbu yoʻnalishga qabul qilingan tinglovchilarning oxirgi egallab turgan lavozimi boʻyicha belgilangan tartib va miqdorda mehnatga haq toʻlash fondi toʻlovlari (pul taʼminoti) saqlanadi.

 

Ochiq tanlov asosida davlat grantiga qabul qilingan tinglovchilarga qonunchilikda belgilangan tartib va miqdorda har oylik stipendiya toʻlanadi.

 

Kirish sinovlari avgust oyida oʻtkaziladi.

 

Avvalroq, 2026/2027-o‘quv yili uchun bakalavriat va magistratura bosqichlariga davlat granti kvotalari tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.