Prezident Shavkat Mirziyoyevga davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yillik ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari farzandlarining respublika oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi uchun kontrakt to‘lovining bir qismini qoplab berish taklifi taqdim etildi. Mazkur tashabbus tibbiyot sohasida uzoq yillar faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Bugun, 11-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev onkologik va gematologik tibbiy yordam va palliativ xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish, davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taʼkidlanganidek, Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, ogʻir kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, onkologik, gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish, palliativ va xospis xizmatlarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Taqdimotda saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, aholi oʻrtasida eng koʻp uchraydigan saraton kasalliklari boʻyicha maqsadli tibbiy tekshiruvlar bilan qamrab olishni kamida 60 foizga yetkazish, saraton kasalliklariga chalingan bemorlar orasida 5 yillik umr davomiyligi koʻrsatkichini 35 foizdan kamida 45 foizga oshirish maqsad qilingan.
Buning uchun 2027-yildan boshlab Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan saratonga qarshi kurashish boʻyicha Milliy dastur hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Mazkur dastur doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari xodimlarining onkologik hushyorligi oshiriladi. Ular saraton kasalliklarining dastlabki belgilarini aniqlash va bemorlarni oʻz vaqtida ixtisoslashgan muassasalarga yoʻnaltirish boʻyicha qayta tayyorlanadi.
Shuningdek, xalqaro tavsiyalar asosida klinik qoʻllanmalar qabul qilinadi. Onkologiya yoʻnalishida multidissiplinar jamoaviy yondashuv – bir nechta mutaxassis ishtirokida bemorga tashxis qoʻyish va davolash taktikasi joriy etiladi.
Eng koʻp uchraydigan saraton kasalliklarini erta tashxislash dasturlari ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amaliyotga kiritiladi. Bemorlarni qisqa muddatda tekshiruvdan oʻtkazish va tashxis qoʻyish imkonini beradigan tezkor tashxislash yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyiladi.
Nur terapiyasi xizmatini modernizatsiya qilishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, eskirgan kobalt qurilmalari bosqichma-bosqich zamonaviy chiziqli tezlatkichlarga almashtiriladi, yuqori dozali braxiterapiya imkoniyatlari kengaytiriladi.
Palliativ va xospis yordamini rivojlantirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. 2030-yilga qadar aholiga bunday yordam koʻrsatish qamrovini kamida 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Buning uchun 2026-yil 1-sentabrdan boshlab respublikada palliativ va xospis yordamini koʻrsatishning yagona tizimi tibbiy va ijtimoiy xizmatlar integratsiyasi asosida tashkil etiladi. Palliativ yordamga muhtoj shaxslarni aniqlash, yoʻllash, hisobga olish va ularga xizmat koʻrsatish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Mobil palliativ brigadalar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, uy sharoitida tibbiy va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish taʼminlanadi. Statsionar sharoitdagi palliativ yordam davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari hamda xospislar tomonidan koʻrsatiladi.
Aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, barcha hududlarda xospis muassasalari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi. Toshkent shahar hududlararo xospisi palliativ va xospis yordamini metodologik boshqarish, hududlarda mazkur xizmatni tashkil etishga koʻmaklashish boʻyicha masʼul muassasa etib belgilanadi.
Dastlab Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida onkologik kasalligi sababli palliativ va xospis yordamiga muhtoj bemorlarga xizmat koʻrsatuvchi mobil palliativ brigadalar tashkil etiladi. Samarqand viloyatida ogʻir va davolab boʻlmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun xospis shaklida palliativ yordam koʻrsatish markazining faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Palliativ va xospis yordamiga muhtojligi elektron axborot tizimida qayd etilgan bemorlarga tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan qoʻshimcha tibbiy tekshiruv va koʻriklarsiz nogironlik belgilanadi. Uy sharoitida parvarishga muhtoj bemorlar funksional krovat va maxsus matraslar bilan vaucher tizimi asosida taʼminlanadi.
Shuningdek, mahalla darajasida palliativ yordam koʻrsatish, uy sharoitida qarab turish va parvarish xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish, bemorlarning oila aʼzolari uchun “Oilani qoʻllab-quvvatlash” xizmatini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.
Taqdimotda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish choralari ham muhokama qilindi.
2026-2030-yillarda bunday kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash ulushini amaldagi 30-40 foizdan 60 foizgacha oshirish rejalashtirilgan. Bemorga tashxis qoʻyilgan vaqtdan transplantatsiya amaliyotigacha boʻlgan muddatni 6 oydan 3 oygacha qisqartirish choralari koʻriladi.
Gematologik kasalliklarga chalingan bemorlarni 100 foiz ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan qamrab olish, hududlarda gemopoetik oʻzak hujayralari transplantatsiyasi amaliyotlarini joriy etish koʻzda tutilmoqda.
Taqdimotda davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash masalalari ham koʻrib chiqildi. Jumladan, kamida 15 yillik ish stajiga ega xodimlar farzandlarining respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriatida oʻqishi uchun yillik kontrakt toʻlovining bir qismini, shuningdek, shunday ish stajiga ega xodimlar ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishida dastlabki badalning bir qismini qoplab berish taklif etildi.
Prezident takliflarni maʼqullab, koʻrib chiqilgan chora-tadbirlarni sifatli amalga oshirish, hududlarda onkologik va gematologik tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish, zamonaviy tashxislash va davolash texnologiyalarini joriy etish yuzasidan topshiriqlar berdi.
