Talabalarni turar joy bilan ta’minlashda qanday muammolar bor? Masala Senatda muhokama qilindi

Talabalarni turar joy bilan ta’minlashda qanday muammolar bor? Masala Senatda muhokama qilindi

Senat qo‘mitasi majlisida Namangan viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar joy bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Muhokamalar davomida ayrim nodavlat OTMlarda yotoqxona mavjud emasligi va mavjud turar joylardagi infratuzilma bilan bog‘liq muammolar qayd etildi.

 

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida Namangan viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar joy bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi.

 

Qo‘mita raisi Odiljon Mamatkarimovning ma’lum qilishicha, 2022–2025-yillarda davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida yangi binolar qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish orqali 77,9 mingta yangi yotoq o‘rni yaratilgan.

 

2026-yil mart holatiga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarida 391 ta talabalar turar joyi faoliyat yuritmoqda. Ular 159,2 mingdan ortiq talabani joylashtirish imkoniyatiga ega. Natijada yotoqxonaga ehtiyoji mavjud talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasi 57 foizga yetgan.

 

Namangan viloyatidagi 9 ta oliy ta’lim tashkilotida jami 5 ming 580 o‘rinli 9 ta talabalar turar joyi mavjud. Axborot tizimi orqali 7 ming 258 ta ariza qabul qilingan bo‘lib, 5 ming 714 nafar talabaga shartnoma va yo‘llanmalar rasmiylashtirilgan.

 

Majlisda ayrim muammolar ham qayd etildi. Jumladan, viloyatdagi 5 ta nodavlat oliy ta’lim muassasasining 4 tasida talabalar uchun turar joylar mavjud emas. Shu sababli talabalarning bir qismi ijarada yashamoqda.

 

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan ayrim yotoqxonalardagi yuvinish xonalari va hojatxonalar sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob bermasligi ta’kidlandi. Namangan davlat pedagogika institutiga qarashli talabalar turar joylari esa 1978–1981-yillarda qurilgan bo‘lib, ularni yangilash zarurati mavjud.

 

Majlisda talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar axborotlari tinglandi hamda tegishli vazifalar belgilandi.

 

Shuningdek, “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

 

Qonun loyihasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning teng huquqliligini buzganlik uchun javobgarlik belgilash, ularga ayrim soliq imtiyozlarini taqdim etish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan yoki ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatadigan tadbirkorlik subyektlari uchun soliq imtiyozlarini nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.

 

Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mita qarorlari qabul qilindi.

 

Avvalroq, Senat majlisida ta’lim sohasidagi malaka oshirish tizimi kamchiliklari muhokama qilingani haqida xabar bergan edik.