Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining qoʻshma majlisida viloyatdagi umumtaʼlim maktablarida rahbar va pedagog xodimlarining malakasini oshirish natijalari muhokama qilindi. Majlisda malaka oshirish tizimining baʼzi kamchiliklari, jumladan, online platformaning cheklangan imkoniyatlari va direktorlarning faoliyatiga baho berishdagi muammolar qayd etilib, tizimni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi.
2026-yil 6-may kuni Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining qoʻshma majlisida viloyatdagi davlat umumtaʼlim maktablaridagi rahbar va pedagog xodimlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash boʻyicha belgilangan vazifalar bajarilishi, shu jumladan umumtaʼlim maktablari rahbarlari uchun tashkil etilgan menejerlik kurslarini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Maʼlum qilinishicha, 2025-yil yanvar dekabr oylarida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 125 245 nafar xodimining malakasi oshirilgan.
2024-2025-yillar hamda 2026-yil yanvar mart oylari davomida respublika boʻyicha 8 309 nafar tinglovchi menejerlik oʻquv kurslariga qabul qilingan boʻlib, shundan 4 595 nafari (55,3%) kursni muvaffaqiyatli tamomlab menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan.
Yigʻilishda senatorlar mazkur sohada uchrayotgan ayrim kamchiliklarga ham toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, “Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformasidan (onlinedu.uz) faqatgina malaka oshirish oʻquv jarayonini tashkil qilishda foydalanilyotganligi taʼkidlandi.
Shuningdek, uch yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan ayollar, pensiya yoshidagilar hamda nogironligi boʻlgan pedagog va mutaxassis xodimlar elektron platforma orqali mustaqil malaka oshirishi imkoniyati joriy etilgan boʻlsada, mazkur amaliyot bugungi kunda cheklab qoʻyilgan.
Taʼkidlanganidek, umumtaʼlim maktabi direktorlarining faoliyatiga yakuniy baho berishda ularning sohadagi koʻp yillik samarali mehnati natijalari, ularning rahbarligida maktab oʻquvchilari hamda pedagoglari turli yutuqlarga erishgani inobatga olinmasligi maktab rahbarlarining haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.
Menejerlik sertifikatini qoʻlga kiritgan davlat umumtaʼlim maktablari direktorlarining keyingi faoliyatini monitoring qilish tizimi mavjud emas, yaʼni menejerlik oʻquv kurslarini yakunlagan maktab direktorlari faoliyatidagi ijobiy oʻzgarishlarni baholashning mexanizmi yaratilmagan.
Shu bilan birga, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi vakillariga pedagog xodimlarning malakasini oshirish hamda rahbar kadrlar uchun tashkil etiladigan menejerlik oʻquv kurslarini oʻqitish, yakuniy baholash tizimini tubdan takomillashtirish va sertifikatga ega boʻlgan rahbar xodimlarining keyingi mehnat faoliyatini monitoring qilish hamda samaradorligini baholash mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Majlis yakunida umumtaʼlim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari malakasini oshirishni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshma qaror qabul qilindi.
