Endi pedagogika yo‘nalishidagi talabalar bilimlari har yili tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi

Endi pedagogika yo‘nalishidagi talabalar bilimlari har yili tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi

Pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari har yili test sinovlari orqali tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi. Natijalar talabalarning reyting ballariga ta’sir qilmaydi, biroq pedagog kadrlar tayyorlash sifatini baholashga xizmat qiladi.

 

Xabaringiz bor, muhokamalar portaliga ‘‘Pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish va talabalarning bilimlarini tashqi diagnostikadan o‘tkazish tartibi toʻgʻrisida’’ nizom loyihasi joylashtirilgan edi.

 

Mazkur nizom Adliya vazirligida 2026-yil 9-iyun kuni 3853-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

 

Unga koʻra, pedagogika yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash sifatini baholash maqsadida talabalarning bilimlarini tashqi diagnostikadan oʻtkaziladi.

 

Tashqi diagnostika har oʻquv yilida bir marta pedagogika yoʻnalishlarida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari oʻrtasida test sinovlari shaklida oʻtkaziladi.

 

Test sinovlari 50 ta savoldan iborat boʻlib, ularni bajarish uchun 45 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir toʻgʻri javob 2 ball bilan baholanadi va maksimal natija 100 ballni tashkil etadi.

 

Tashqi diagnostikadan oʻtkazish uchun har oʻquv yilining sentabr oyida maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining buyrugʻi bilan kamida 5 nafar malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuziladi.

 

Tashqi diagnostika natijalariga koʻra, oʻrtacha 56 ball va undan yuqori natija qayd etgan taʼlim yoʻnalishlari “talablarga javob beradigan”, 56 balldan past natija koʻrsatgan yoʻnalishlar esa “talablarga javob bermaydigan” deb baholanadi.

 

Mazkur diagnostika natijalari talabalarning joriy oʻzlashtirish koʻrsatkichlari va reyting ballariga taʼsir qilmaydi hamda pedagog kadrlar tayyorlash sifati holatini tahlil qilishga xizmat qiladi.