O‘zbekistonda pedagogika yo‘nalishidagi talabalar bilimini tashqi diagnostika orqali baholash tizimi joriy etilishi mumkin. Bu bo‘yicha tegishli nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Muhokamalar portaliga Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligining ‘‘Pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish va talabalarning bilimlarini tashqi diagnostikadan o‘tkazish tartibi toʻgʻrisida’’ nizom loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bilimini tashqi diagnostika asosida baholash tizimi joriy etiladi. Mazkur tartib davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etiladi.
Hujjatga asosan, pedagog kadrlar tayyorlash sifati har yili o‘quv yilining bahorgi semestrida tahlil qilinadi.
Bunda:
— oliy taʼlim tashkilotidagi barcha pedagogika taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim dasturining belgilangan meʼyoriy muddati davomida kamida bir marta pedagog kadrlar tayyorlash sifati tahlil qilinishi taʼminlanadi;
— akkreditatsiyadan oʻtganiga bir yil toʻlmagan pedagogika taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish amalga oshirilmaydi.
Qayd etilishicha, tashqi diagnostika orqali talabalarning fan va uni o‘qitish metodikasi, pedagogik va psixologik kompetensiyasi, sinfni boshqarish hamda baholash ko‘nikmalari test sinovlari orqali tekshiriladi.
Mazkur test sinovlari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan tashkil etiladi. Diagnostikaga pedagogika yo‘nalishining bir akademik guruhida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari jalb qilinadi.
Loyihaga muvofiq, test sinovlari 50 ta savoldan iborat bo‘lib, jami 100 ball bilan baholanadi. Natijalar talabaning reyting ko‘rsatkichlariga ta’sir qilmaydi.
Tashqi diagnostika natijasi pedagogika taʼlim yoʻnalishi boʻyicha diagnostikada ishtirok etgan barcha talabalarning toʻplagan ballari yigʻindisini ishtirokchilar soniga boʻlish orqali oʻrta arifmetik koʻrsatkich natijaga koʻra aniqlanadi.
Bunda tashqi diagnostika natijasi quyidagicha hisoblanadi:
- TDN = (1TTB+ …+nTTB) : TS
- TDN – tashqi diagnostika natijasi;
- 1TTB – birinchi tartib raqamdagi talaba toʻplagan ball;
- nTTB – “n” tartib raqamdagi talaba toʻplagan ball;
- TS – tashqi diagnostikada ishtirok etgan talabalar soni.
Shuningdek, tashqi diagnostika natijasi 56 ball va undan yuqori koʻrsatkichni tashkil etgan pedagogika taʼlim yoʻnalishi boʻyicha “belgilangan talablarga javob beradigan” deb, 55 ball va undan past koʻrsatkichni tashkil etgan pedagogika taʼlim yoʻnalishi boʻyicha “belgilangan talablarga javob bermaydigan” deb topiladi.
Tashqi diagnostika natijalariga koʻra pedagog kadrlar tayyorlash sifati “belgilangan talablarga javob bermaydigan” deb topilgan pedagogika taʼlim yoʻnalishlari ro‘yxati oliy ta’lim tashkilotlari bo‘yicha shakllantiriladi hamda taʼlim tashkilotini xavfni tahlil qilish asosida navbatdan tashqari oʻrganish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligiga taqdim etiladi.
Pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish amalaga oshiriladigan pedagogika taʼlim yoʻnalishlari ro‘yxati
Izoh: Roʻyxatga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda oʻzgartirish kiritilishi mumkin.


