Yoshlarning ta’limdagi yutuqlari haqida so‘z borganda, qashqadaryolik Shaxzoda Xudoyberdiyevaning hikoyasi alohida e’tiborga loyiq. Bitiruvchi to‘rtta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘lib, muddatidan avval talabalik baxtiga erishdi. Ingliz tili, ona tili va adabiyot, matematika hamda tarix fanlaridan yuqori natijalarni qayd etgan Shaxzoda bugun ko‘plab tengdoshlariga o‘rnak bo‘lmoqda.
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi 24-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Shaxzoda Xudoyberdiyeva ingliz tilidan B2, ona tili va adabiyot fanidan A, matematikadan C+, tarix fanidan esa B darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Ushbu natijalar unga oliy ta’lim muassasasiga imtihonsiz talaba bo‘lish imkoniyatini beradi.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Shaxzodaning aytishicha, dastlab sertifikat olish uning asosiy maqsadi bo‘lmagan.
Sertifikat olishga qiziqmagandim lekin tanishim muddatidan oldin talaba bo‘lganini ko‘rib, havas qilganman. Keyin men ham sertifikatlarni olib imtihonsiz talaba bo‘laman deb oldimga maqsad qo‘ydim va amalga oshirdim, — deydi u.
Kelajakda u O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili filologiyasi yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.
Shaxzoda ingliz tiliga qiziqishi sababli ikki yil davomida muntazam tayyorgarlik ko‘rgan. Uning ta’kidlashicha, chet tili bo‘yicha kuchli ustoz topish muammo bo‘lgan, lekin kuchli raqobatdoshlari ko‘p bo‘lmagan.
Imtihonlarga tayyorgarlik mobaynida ko‘p bor “ola olmasamchi” degan qo‘rquv bo‘ldi, faqat natijamni o‘ylab yurardim. Lekin CEFR imtihon natijasi chiqqanidan so‘ng shuni tushundimki, harakat qilsam uddalay olar ekanman. Shundan keyin, o‘zimga bo‘lgan ishonchim 100% bo‘ldi va boshqa imtixonlarda umuman hayajon bo‘lmadi. Lekin natija chiqishi oldidan doim qo‘rquv bo‘lgan, negaki hamma meni natijamni kutib so‘rashardi.
Ona tili va adabiyot fanidan atigi ikki oy tayyorlangan bo‘lsa-da, ustozining bilim va tajribasiga tayangan holda yuqori natijaga erishgan. Matematika fanidan sertifikat olish esa uning uchun eng kutilmagan muvaffaqiyatlardan biri bo‘lgan. Imtihon sanasi kutilganidan oldinroq belgilangani sababli umidsizlikka tushgan paytlar ham bo‘lgan. Ammo ota-onasi va ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi uni yana harakat qilishga undagan.
Tarix fanidan ham ikki oy davomida jiddiy tayyorgarlik olib borgan o‘quvchi ko‘plab onlayn testlar ishlagan, kechasi bilan dars qilgan va natijada B darajasini qo‘lga kiritgan.
Tarix fanidan ham 2 oy tayyorlandim. Kech uxlab erta turardim. Hatto ovqatlanmasdan faqat dars qildim, onlayn testlar ishladim va harakatlarim mevasi B darajani egasi bo‘ldim.
O‘quvchi barcha fanlardan qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnashgan. Shu bilan birga, uyda mustaqil ravishda onlayn darslar va testlar orqali bilimlarini mustahkamlab borgan.
Uning fikricha, muvaffaqiyat kaliti — faqat ustoz bergan bilim bilan cheklanib qolmaslikda.
Men qo‘llagan eng yaxshi usullardan biri — ustoz o‘rgatgan narsalar bilan cheklanib qolmasdan, doimiy izlanishda bo‘lganim. Bundan tashqari, bo‘sh vaqtlarimda kichik sinf o‘quvchilariga dars berdim. Bilganlarimni boshqalarga o‘rgatish orqali o‘zim ham bilimlarimni yanada mustahkamladim, — deydi u.
Shaxzoda tayyorgarlik davrida qat’iy kun tartibiga amal qilgan. Tengdoshlari dam olayotgan paytda u dars ustida ishlagan. Imtihongacha yaxshi tayyorlangani uchun testda savollar unchalik qiyin bo‘lmagan.
Tengdoshlarim dam olishayotganda men uxlamasdan tinimsiz harakat qildim. Soat 22:00 da uxlab, tungi soat 02:00 da uyg‘onib yana dars qilardim. Charchash tabiiy edi, lekin bu qiyinchiliklarning vaqtinchalik ekanini yaxshi bilardim. Maktabda ham barcha fan o‘qituvchilarim o‘z darslarimni qilishga ruxsat berishgan, — deya eslaydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, imtihonlar oldidan qo‘rquv va xavotirlar ham bo‘lgan. Ayniqsa, natijalar e’lon qilinishini kutish jarayoni oson kechmagan. Biroq ilk muvaffaqiyatlar unga o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga yordam bergan.
Testdan yuqori ball olish uchun avvalo fikrni jamlab shoshilmay ishlash kerak. Men hech qachon “Ishlolmasam-chi?” deb o‘ylamaganman. Aksincha, “Ishlay olaman” degan fikr bilan harakat qilganman. Bu inson psixologiyasiga kuchli ta’sir qiladi. Shuning uchun, tengdoshlarim o‘z imkoniyatlariga yuqori baho berishlari kerak, deb o‘ylayman, — deydi Shaxzoda.
Bugun u o‘z natijalari bilan nafaqat ota-onasi va ustozlarini, balki maktabdoshlarini ham quvontirmoqda. Bo‘lg‘usi talabaning ta’kidlashicha, maktab vaqtida hatta kichik sinf o‘quvchilari undan maslahat so‘rab murojaat qilishgan. Yosh qiz esa buni o‘zining eng katta yutuqlaridan biri deb biladi.
Shaxzoda hozir ham izlanishdan to‘xtagan emas. U rus va arab tillarini o‘rganmoqda hamda kelajakda kamida 5 ta tilda erkin so‘zlashishni maqsad qilgan.
To‘xtab qolishni istamayman. Kelajakda xorijda ta’lim olishni va o‘zimni yanada rivojlantirishni rejalashtiryapman, — deydi u.
Shaxzodani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, 5 ta fandan milliy sertifikat olib muddatidan oldin talaba bo‘lgan buxorolik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edik.
