Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan o‘zbekistonlik talaba deportatsiya qilindi. Elchixona fuqarolarni migratsiya qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Shu kunlarda Yaponiya Immigratsiya xizmati agentligi Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan bir nafar Oʻzbekiston fuqarosini Oʻzbekistonga deportatsiya qildi. Bu haqda Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli vizasi bilan kirib kelgan boʻlib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
“Agar noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi qatʼiy choralar koʻriladi. Bundan tashqari, Yaponiya hukumati qonunbuzarlik qilgan shaxslar haqida maʼlumotni Oʻzbekiston hukumatiga ham taqdim etadi. Shu sababli, bunday shaxslarga nisbatan Oʻzbekistonga qaytganidan keyin ham tegishli choralar koʻrilishi mumkin” — deyiladi xabarda.
Shuningdek, fuqarolardan “Yaponiyada ishlash mumkin” kabi takliflarga osongina ishonmaslik soʻraladi.
“Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan notoʻgʻri maʼlumot tarqalgan. Shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi. Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qoʻllanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta maʼlumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin” — deyiladi elchixona xabarida.
Avvalroq, 24-aprel kuni Yaponiyada oʻzbekistonlik bir nafar va 15-may kuni 2 nafar talaba deportatsiya qilingani haqida xabar bergan edik.
