Yana 2 nafar o’zbekistonlik talaba Yaponiyadan deportatsiya qilindi

Yana 2 nafar o’zbekistonlik talaba Yaponiyadan deportatsiya qilindi

15-may kuni Yaponiyada viza muddati oʻtgach ham mamlakatda noqonuniy qolgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi chiqarib yuborildi. Elchixona ma’lum qilishicha, talaba vizasi faqat oʻqish maqsadida beriladi va noqonuniy mehnat yoki yashash qattiq choralar bilan jazolanadi.

 

Joriy yilning 15-may kuni Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi mamlakatda noqonuniy ravishda yashab turgan 2 nafar Oʻzbekiston fuqarosini chiqarib yubordi. Bu haqda Toshkentdagi Yaponiya elchixonasi maʼlum qildi.

 

Unga koʻra, har ikki shaxs “talaba” vizasi bilan Yaponiyaga borib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy ravishda qolgan va rasmiylar tomonidan hibsga olingan.

 

“Talaba vizasi pul topish uchun emas, balki faqatgina oʻqish uchun beriladi. Agar noqonuniy yashash yoki noqonuniy mehnat qilish holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi qatʼiy choralar koʻriladi” — deyiladi elchixona xabarida.

 

Bundan tashqari, Yaponiya hukumati qonunbuzarlik qilgan shaxslar haqida maʼlumotni Oʻzbekiston hukumatiga ham taqdim etadi. Shu sababli, bunday shaxslarga nisbatan Oʻzbekistonga qaytganidan keyin ham tegishli choralar koʻrilishi mumkin.

 

“Iltimos, “Yaponiyada ishlash mumkin” kabi takliflarga osongina ishonmasligingizni soʻraymiz” — deydi rasmiylar.

 

Shuningdek, odatda, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun murojaat qilinsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan notoʻgʻri maʼlumot tarqalgan. Shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi. Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qoʻllanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta maʼlumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.

 

Avvalroq, 24-aprel kuni Yaponiyada oʻzbekistonlik talaba deportatsiya qilingani haqida xabar bergan edik.