Bugun, 5-iyundan boshlab 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Abituriyentlar hujjatlarini 25-iyunga qadar (shu kuni ham) topshirishlari mumkin.
Xabaringiz bor, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari Prezident farmoniga muvofiq yangi tartibda – “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqich:
Abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda abituriyentlar faqat test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan oliygohni tanlaydi;
Ya’ni birinchi bosqichda universitet yoki institut tanlanmaydi. Abituriyentlar faqat qaysi fandan, qaysi tilda, qaysi hududda test topshirishini belgilaydi xolos.
Imtihonlar iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqich:
Abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.
Ya’ni o‘zining olgan baliga qarab, testlar o‘tib bo‘lgandan keyin, qaysi oliygohning qaysi yo‘nalishiga topshirishini tanlaydi. O‘ylab olish, tahlil qilish uchun 15 kun vaqt bo‘ladi.
Abituriyent test sinovida toʻplagan ballarini imtihon oʻtkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining 2-bosqichi toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Shuningdek, abituriyentlar @mandat_javobbot orqali qaysi oliygohda qanday yo‘nalishlar borligi va har birining o‘tish ballari bilan tanishishi mumkin. Ushbu bot orqali abituriyentlar uchun maxsus tayyorlangan diagnostik testlarni ham ishlash mumkin.
Bundan tashqari, Bilimni baholash agentligi abituriyentlar uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha videoqo‘llanma ham e’lon qilingan.
