Kelesdagi bog‘chada tarbiyachi bolaga ruhiy bosim o‘tkazgani aytilmoqda

Kelesdagi bog‘chada tarbiyachi bolaga ruhiy bosim o‘tkazgani aytilmoqda

Keles hududidagi xususiy bogʻchada tarbiyalanuvchiga nisbatan ruhiy bosim oʻtkazilgani haqidagi xabarlar yuzasidan Toshkent tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi va holat boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Keles hududida joylashgan «Little Stars Kindergarten» (xabarda “Lettil Stras”) xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchiga nisbatan ruhiy bosim oʻtkazilganligi haqida xabarlar tarqaldi.

 

Holat yuzasidan Toshkent tuman hokimligi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Maʼlum qilinishicha, ushbu holat Toshkent tumani hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sohaga daxldor tashkilotlar tomonidan qatʼiy nazoratga olingan.

 

“Ayni paytda holatga oydinlik kiritish, barcha tafsilotlarni aniqlash va vaziyatni har tomonlama xolis baholash maqsadida masʼul idoralar ishtirokida surishtiruv hamda oʻrganish ishlari olib borilmoqda” — deydi rasmiylar.

 

Shuningdek, bolaning qonuniy manfaatlari, huquqlari va ruhiy salomatligini himoya qilish mutasaddilarning doimiy eʼtiborida boʻlib, mazkur vaziyat toʻliq va qonun doirasida koʻrib chiqilishi taʼminlanishi va surishtiruv hamda oʻrganish ishlari yakunlanishi bilan holat yuzasidan jamoatchilikka qoʻshimcha rasmiy maʼlumot taqdim etilishi bildirilgan.

 

Avvalroq, bolalarni urib, tepgan Navoiylik tarbiyachi qamoqqa olingani haqida xabar bergan edik.