Qoraqalpog‘istonda maktab direktori o‘qituvchini o‘ziga o‘rinbosar qilish evaziga pora oldi

Qoraqalpog‘istonda maktab direktori o‘qituvchini o‘ziga o‘rinbosar qilish evaziga pora oldi

Qo‘ng‘irot tumanida maktab direktori o‘qituvchini direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlash evaziga 5 mln so‘m olganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan 2 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi Qo‘ng‘irot tumanidagi umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan chiqarilgan hukmni ko‘rib chiqdi.

 

Qayd etilishicha, umumta’lim maktabi direktori lavozimida ishlagan shaxs boshqa bir fuqaroni maktabdagi xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga ishga joylashtirib berish evaziga 5 million so‘m talab qilgan.

 

U 5 million so‘m pul mablag‘ini olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 2 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

 

Shuningdek, sud qaroriga muvofiq, direktorga 1 yil muddatga muayyan huquqlardan mahrum etish jazosi ham qo‘llanilgan.

 

Avvalroq, Chilonzordagi davlat bog‘chasi direktori pora olishda aybli deb topilgan edi.