Chilonzordagi davlat bog‘chasi direktori pora olishda aybli deb topildi. Sud unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi Chilonzor tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktoriga nisbatan chiqarilgan hukmni ko‘rib chiqdi. Sud qaroriga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Mudira 300 dollar miqdorida pora olgani aytilmoqda.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, 1979-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan va Chilonzor tumanidagi 284-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori lavozimida ishlagan shaxsga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, u 2 yil davomida davlat tizimidagi muassasa va tashkilotlarda rahbarlik hamda moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Sud qaroriga muvofiq, mahkumga yashash joyini nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz o‘zgartirmaslik, Toshkent shahri hududidan tashqariga chiqmaslik, ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslik kabi cheklovlar belgilangan.
Avvalroq Surxondaryoda maktab direktori 2 mln soʻm pora olgani uchun 4 yilga qamalgan edi.
