Yakuniy davlat imtihoni haqida nimalarni bilish kerak? 10 ta muhim savolga javob

Yakuniy davlat imtihoni haqida nimalarni bilish kerak? 10 ta muhim savolga javob

Maktab bitiruvchilari uchun yakuniy imtihonlar yaqinlashmoqda. Oʻquvchilarda hayajon boʻlishi tabiiy. Lekin qoidalarni oldindan bilsangiz, oʻzingizga ancha ishonchingiz ortadi va hayajoningiz bosiladi. Quyidagi maʼlumotlar bitiruv imtihonlariga tayyorlanayotgan 9 va 11-sinf oʻquvchilari uchun eng muhim maslahatlar hisoblanadi.

 

1. Yakuniy imtihonni topshirish majburiymi?

 

Ha, albatta. Maktabni bitirish uchun yakuniy attestatsiyadan (imtihondan) oʻtish shart. Lekin ayrim holatlarda oʻquvchilar imtihondan ozod qilinishi mumkin.

 

Masalan:

–  ayrim kasalligi bor oʻquvchilar (kasalliklar roʻyxati bu yerda);

–  ayrim fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikati borlar. Masalan, chet tilidan kamida B1 milliy yoki xalqaro sertifikati boʻlsa, shu fandan imtihondan ozod qilinishingiz mumkin.

 

2. Imtihonlar qaysi fanlardan boʻladi?

9-sinflar uchun:

 

Ona tili va adabiyot (taʼlim oʻzbek tilida olib boriladigan sinflar uchun), Davlat tili (taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan sinflar uchun) – 1-iyun kuni (yozma shaklda);

Matematika fani – 4-iyun kuni (yozma shaklda);

Oʻzbekiston tarixi fani – 8-iyun kuni (yozma va ogʻzaki shaklda);
11-sinflar uchun (majburiy fanlar):

Ona tili va adabiyot (taʼlim oʻzbek tilida olib boriladigan sinflar uchun), Davlat tili (taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan sinflar uchun) fanlari – 2-iyun kuni (yozma shaklda);

Matematika (asosiy), Matematika (chuqurlashtirilgan) fanlari – 5-iyun kuni (yozma shaklda);

Oʻzbekiston tarixi fani – 9-iyun kuni (yozma shaklda);

Tanlov faniga kimyo, fizika, geografiya yoki davlat huquq asoslari kirishi mumkin.

 

11-sinflar uchun (tanlov fanlari):

 

Ona tili va adabiyoti (Qoraqalpoq va adabiyoti, Rus tili va adabiyoti, Qozoq tili va adabiyoti, Qirgʻiz tili va adabiyoti, Tojik tili va adabiyoti, Turkman tili va adabiyoti),

Fizika,

Kimyo,

Biologiya,

Geografiya,

Davlat huquq asoslari fanlari (yozma shaklda),

Chet tili fani (yozma va ogʻzaki shaklda) – 12-iyun va 15-iyun kunlari

 

Barcha maktablarda imtihonlar odatda ertalab soat 8:00 da boshlanadi. Kechikmaslik juda muhim.

 

3. Ota-onalar imtihonga kirishi mumkinmi?

 

Ota-onalar va jamoatchilik vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashishi mumkin. Bu jarayonning adolatli oʻtishiga yordam beradi.

 

4. Imtihonda kitob yoki yordamchi vositalardan foydalansa boʻladimi?

 

Baʼzi hollarda mumkin. Masalan, insho yozishda badiiy kitoblardan ayrim parchalarni aniqlash yoki iqtibos olish uchun, geografiya yoki biologiyada xarita, jadval va boshqa vositalardan foydalanishga ruxsat beriladi. Lekin darslik, telefon, “shpargalka”, sunʼiy idrok yoki boshqa taqiqlangan manbalardan foydalanish mumkin emas.

 

5. Imtihon paytida tashqariga chiqsa boʻladimi?

 

Ha, zarurat boʻlsa 5–10 daqiqaga chiqishga ruxsat beriladi. Lekin yozma ishingizni komissiyaga topshirib chiqasiz.

 

6. Imtihonga qancha vaqt beriladi?

 

Tanlangan fanlardan kelib chiqib 100 daqiqadan 180 daqiqagacha. Ogʻzaki imtihonda tayyorlanish uchun – 15–20 daqiqa, 3 daqiqa davomida javob beradi. Shuning uchun vaqtni toʻgʻri taqsimlash juda muhim.

 

7. Ikkinchi biletni olsa boʻladimi?

 

Agar ogʻzaki imtihonda savolga javob bera olmasangiz, yana bir marta bilet olishga ruxsat beriladi. Lekin ikkinchi safar ham javob berolmasangiz, “qoniqarsiz” baho qoʻyiladi.

 

8. Yakuniy baho qanday chiqadi?

 

Yakuniy baho yil davomida olgan baholaringiz va imtihon natijangiz asosida chiqariladi. Yaʼni faqat imtihon emas, butun yil davomida qilgan mehnatingiz ham hisobga olinadi.

 

9. Bahodan norozi boʻlsangiz nima qilish mumkin?

 

Agar baho adolatsiz qoʻyildi deb hisoblasangiz, apellyatsiya berish huquqingiz bor. Buning uchun baholar eʼlon qilingandan keyin 3 kun ichida tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlarida tuzilgan apellyatsiya komissiyalariga murojaat qilish kerak.

 

10. Imtihondan yiqilsa nima boʻladi?

 

Bir yoki ikki fandan yiqilgan oʻquvchilarga qayta topshirish imkoniyati beriladi. Shuning uchun birinchi urinish omadsiz chiqqani bilan tushkunlikka tushmang. Muhimi – xatodan toʻgʻri xulosa chiqarish.

 

 

Eng muhim maslahat! Imtihon – bu faqat baho emas, balki sizning bilim, sabr va masʼuliyatingizni sinovdan oʻtkazadigan jarayondir. Qoidalardan xabardor boʻlsangiz, ortiqcha vahima kamayadi va oʻzingizni ancha erkin his qilasiz.
Omad yor boʻlsin!