Kecha, 25-may kuni ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimotda Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini qayta tashkil etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Ahmadbek Todjiyevich Yusupov Oliy attestatsiya komissiyasi raisi lavozimidan ozod etildi.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan Ahmadbek Todjiyevich Yusupov Oliy attestatsiya komissiyasi raisi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Yusupov 2015-yil 11-noyabrdan buyon OAK raisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
25-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishganida Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini ham tubdan takomillashtirish masalalari muhokama qilingandi. Unda Oliy attestatsiya komissiya faoliyatini Fanlar akademiyasi tizimida tashkil qilish taklifi ham ilgari surilgan.
Bundan tashqari, komissiya ishini tubdan takomillashtirish, ilmiy kengashlar mas’uliyatini oshirish hamda ularning faoliyatini reyting asosida baholash rejalashtirilmoqda. Ilmiy darajalarni berish jarayonini to‘liq raqamlashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Oliy attestatsiya komissiyasining asosiy vazifalari Prezident farmonlari va topshiriqlari, Hukumat qarorlari hamda boshqa topshiriqlarning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishini ta’minlash, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tegishliligi bo‘yicha muddatida va sifatli ko‘rib chiqishni tashkil etishdan iborat.
Shuningdek, Komissiya o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlarini amalga oshiradi. Vakolat doirasida OAK qarorlari, ilmiy daraja berish to‘g‘risidagi diplomlar hamda ilmiy unvonlar berish haqidagi attestatlarni imzolash ham uning vazifalariga kiradi.
