2025–2026 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 472 mingdan ortiq 11-sinf o‘quvchilari maktabni tamomlamoqda. Shu davrda Samarqand va Buxoro viloyatlarida 2 000 nafardan ortiq bitiruvchi muddatidan oldin talabalikka qadam qo‘ygan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining xabar berishicha, joriy yilida respublikadagi 10 193 ta maktabni 621 ming nafardan ortiq 9-sinf hamda 472 ming nafardan ortiq 11-sinf o‘quvchilari tamomlamoqda. Ulardan 11 ming nafardan ziyodi oltin va kumush medallar bilan taqdirlanishadi.
Shuningdek, 2025–2026 oʻquv yilida Samarqand viloyatidagi umumiy oʻrta ta’lim maktablarining 9-sinfini 73 322, 11-sinfini esa 50 548 nafar oʻquvchi bitirmoqda. Bitiruvchilarning 1 549 nafari fanlar boʻyicha milliy sertifikatga ega bo‘lib, 1 945 nafari esa muddatidan oldin talabalikka qadam qo‘ydi.
Buxoro viloyatida esa 17 321 bitiruvchi, ya’ni 78 foizi oliy ta’limga kirishni maqsad qilgan. Ularning:
– 7 380 nafari majburiy fanlardan;
– 7 800 nafari asosiy fanlardan;
– 10 091 nafari xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega.
Shu bilan birga, 2 000 nafardan ortiq bitiruvchi o‘z tanlagan yo‘nalishlarida yuqori natijalarni qayd etib, maktab davridayoq talabalikni naqd qilgan. Shu yoshlar ichida 20 nafari dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida grant asosida o‘qish imkoniga ega bo‘lgan.
Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga tabrik yoʻllagani haqida xabar bergan edik.
