“Maktablarda o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi 53 foizdan 72 foizgacha oshgan” — Vazir

“Maktablarda o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi 53 foizdan 72 foizgacha oshgan” — Vazir

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” doirasida maktab ta’limi sifati, pedagoglarni qo‘llab‑quvvatlash va inklyuziv muhitni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Vazir Eʼzoza Karimova so‘nggi yillarda 4 500 maktabda yangi baholash tizimi joriy etilishi, pedagoglar va o‘quvchilarga qo‘shimcha rag‘batlar berilishi haqida ma’lumot berdi.

 

20‑may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan navbatdagi “Hukumat soati” oʻtkazildi. Unda maktab taʼlimi sifati, inklyuziv muhitni rivojlantirish va pedagoglarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

 

Mazkur uchrashuvda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova deputatlarning savollariga javob berdi. Vazir maʼlum qilganidek, soʻnggi olti yil davomida mamlakatda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod va 203 ta ixtisoslashgan maktab tashkil etilgan. Hozirda 3 434 maktabda yangi baholash tizimi joriy qilingan boʻlib, kelgusi oʻquv yilidan boshlab bu koʻrsatkich 4 500 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

 

Yangi tizim joriy qilingan maktablarda oʻquvchilarning oʻzlashtirish darajasi 53 foizdan 72 foizgacha oshgan. Shu jumladan, 275 ta maktabdagi barcha pedagoglarga yuqori natijalar uchun 40 foizgacha ustama toʻlanmoqda. Xorijiy til sertifikatiga ega oʻquvchilar soni 40 mingdan ortiq, shuningdek, taʼlim tizimiga AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya va Xitoydan 1 456 nafar mutaxassis jalb qilingan. Hozirda 310 ming pedagog malaka toifasiga ega.

 

Uchrashuvda inklyuziv taʼlimga alohida eʼtibor qaratildi. Ma’lum qilinishicha,  hozirda 2 365 maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilgan va 6 mingga yaqin bola qamrab olingan. 651 ta maktabda “toʻsiqsiz muhit” yaratilgan, 1 404 binoga maxsus panduslar oʻrnatilgan, 115 ta maktabda brayl alifbosidagi tugmali liftlar joriy qilingan. Soʻnggi besh yil ichida 7 mingdan ortiq pedagog inklyuziv taʼlim boʻyicha malaka oshirgan.

 

Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 387 ming farzandi maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan. Kam taʼminlangan oilalar farzandlarining nodavlat bogʻchalar uchun toʻlovlarining 40 foizi davlat tomonidan qoplab berilmoqda. Hozirda 125 mingdan ortiq oʻquvchi IT, xorijiy tillar va kasb-hunar toʻgaraklariga jalb qilingan boʻlib, ularning xarajatlarining 80 foizi davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilmoqda.

 

Vazir ta’kidlaganidek, pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash va ularni majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini cheklashga alohida eʼtibor qaratilgan. 15 yillik staj va oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun ipoteka kreditlarining boshlangʻich toʻlovining 25 foizi davlat tomonidan qoplanadi. “Yil oʻqituvchisi” va “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlari gʻoliblariga 525 million soʻmgacha mukofot puli ajratilishi ham pedagoglarni ragʻbatlantirishda muhim hisoblanadi.

 

Muhokamalar davomida sohaga oid bir qator savollar koʻtarilib, tegishli javoblar berildi. Siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari taʼlim sifatini oshirish, pedagoglarni ragʻbatlantirish, inklyuziv muhitni rivojlantirish, chekka hududlarda kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish hamda maktablarda kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻqitishni kengaytirish boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini bildirdi.

 

Avvalroq, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi mutaxassislari va OAV ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazilgani haqida xabar bergan edik.